Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 77 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +6° kechasi +6°

Endi qarindoshlari sudlanganligi sababli ishga qabul qilmaslikka chek qoʻyiladi

Mehnat kodeksiga kiritilgan yangi tuzatish ishga qabul qilishda kamsitishga qarshi kurashishga qaratilgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Endi qarindoshlari sudlanganligi sababli ishga qabul qilmaslikka chek qoʻyiladi

Amaldagi qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Muhim o‘zgarishlar

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun bilan 26 qonun hujjatining, jumladan, 6 ta kodeks va 20 ta qonun normalari yangilangan Konstitutsiyaning 19-moddasida belgilangan qoidaga muvofiqlashtirilmoqda.

Bu qoida shundan iboratki, O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar qonun oldida tengdirlar.

Qonun bilan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun ommaviy axborot vositalarining erkinligi va mustaqilligi hamda qonunga muvofiq ish olib borishi haqidagi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Yana muhim o‘zgarishlardan biri – Mehnat kodeksi va “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga qarindoshining sudlanganiga qarab ishga qabul qilishni rad etish kabi kamsitishlarning oldini olish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Tegishli qonun Senat a’zolari tomonidan ellik oltinchi yalpi majlisda qabul qilindi.

Qonunning vazifasi

Yangi tuzatishga koʻra, yaqin qarindoshlarning sudlanganligi, shu jumladan oʻzining sudlanganligi tufayli ishga qabul qilishni rad etish noqonuniy hisoblanadi.

Senatorlar ushbu qonun fuqarolarni himoya qilishning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashga, ularning huquqlarini amalga oshirishda, shu jumladan ishga qabul qilishda teng imkoniyatlarni ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.