$
 12729.48
-20.27
 14156.45
14.43
 139.72
-0.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Adolat ta’minlanishi uchun kambag‘al qatlamga daromad solig‘i solinmasligi kerak — Islombek Niyozmetov

Soliq

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Islombek Niyozmetov intervyularidan birida O‘zbekiston soliq tizimidagi bir qator kamchilik va adolatsizliklar haqida gapirdi

Soliq kodeksi qanday qabul qilingandi?

Niyozmetov suhbatda dastlab, 2019-yilda yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksi bo‘yicha mulohazalarini bildirib o‘tadi: Kodeks qabul qilinishi arafasida juda ko‘p instansiyasida qatnashdim. Senatga borgan paytda “bu hujjatni qabul qilmanglar, u xom”, dedik. Bizni eshitishni ham xohlashmadi. Kodeks Moliya vazirligi mas’ullari taqdimoti bilan “ura-ura” qilib, o‘tkazib yuborildi. Bizni majlisga nomiga chaqirishgan ekan. Davlat byudjeti daromadlarini shakllantiradigan, butun mamlakatda soliq siyosati taqdirini belgilab beradigan hujjat xom holda qabul qilindi. Shuning uchun ham o‘tgan 4,5 yil ichida Soliq kodeksiga 3 mingtaga yaqin o‘zgartirishlar kiritildi, — deydi mutaxassis.

“O‘zbekistonda soliqlar 100 foiz adolatsiz”

Islombek Niyozmetov suhbat davomida O‘zbekistondagi soliq tizimini adolatsiz deb atadi. “Adolat mezonlari bo‘ladi. Birinchi navbatda gorizontal adolat degan tushuncha mavjud. U davlatning soliq undiruvi jamiyatning barcha a’zolariga yetib borishi kerakligini anglatadi. Lekin bu barcha soliq to‘lab tashlaydi, degani emas. Ikkinchi mezoni — vertikal adolat. Jamiyat a’zolari davlatning ijtimoiy xizmatlari — milliy xavfsizlik, sud–huquq tartiboti va boshqalarni iste’mol qilyaptimi, hamma o‘zining imkoniyatidan kelib chiqib soliq to‘lashi kerak. Bunda jamiyat a’zolari olayotgan daromadlari, egaligidagi mulklari va boshqa imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda soliqni ko‘p yoki kam to‘lashi lozim”, — dedi iqtisodchi.

Davlat kambag‘alga soliq solishga haqli emas, agar...

Islombek Niyozmetov yana shuni ma’lum qildiki, soliq tizimida adolatni ta’minlash uchun mamlakatda kambag‘allik chegarasi bo‘lishi kerak: “Agar davlat o‘z konstitutsiyasida “men ijtimoiy davlatman”, deb yozib qo‘ygan bo‘lsa, kambag‘alga soliq solishga haqli emas. Yangilangan Konstitutsiyaning 163-moddasiga “soliqlar nafaqat to‘lanishi, balki ular adolatli bo‘lishi kerak”, deya qo‘shimcha kiritdik. Endi aytyapmizki: “O‘zbekistonda tan olingan yashirin iqtisodiyot 50 foiz, ya’ni iqtisodiyotning yarmi soliqqa tortilmayapti”. O‘zbekiston iqtisodiyotida band aholining 57 foizi norasmiy ishlaydi. Bu degani ijtimoiy va daromad soliqlari kabi to‘g‘ri soliqlar aholining shuncha qismiga, ya’ni yarmidan ko‘prog‘iga yetib bormagan. To‘g‘ri, ular qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz kabi bilvosita soliqlarni to‘lashi mumkin, lekin hamma qatori to‘g‘ri soliqlarni to‘lamayapti. Demak, gorizontal adolat ta’minlanmagan”.

Vertikal adolat

Professor suhbat davomida vertikal va gorizontal adolat masalalariga to‘xtalgan. “Endi vertikal adolat masalasiga to‘xtalsak. Biz rasmiy daromad olgan kimsa bor ekanki undan soliq olamiz. Misol uchun, farrosh 1 million 40 ming so‘m oylik oladi. Shu puldan soliq chiqarib tashlasangiz, 925 ming so‘m qoladi. Ya’ni kam oylik olayotgan farroshga ham soliq solamiz. Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bor, lekin kambag‘allikni chegarasi yo‘q. Ana u narsa yolg‘on, 674 ming so‘m... (minimal iste’mol xarajatlari–tahr). Metodikasi noto‘g‘ri. Nega soliqlar 100 foiz adolatsiz deyapman? Chunki gorizontal adolat ta’minlanmagan, ya’ni jamiyatning yarmidan ko‘piga soliq yetib bormagan. Vertikal adolat ham ta’minlanmagan. Vertikal adolat ta’minlanishi uchun birinchi navbatda kambag‘allik chegarasi aniqlanib, kambag‘al qatlamga daromad solig‘i solinmasligi kerak. Bu mulkka ham taalluqli bo‘lishi zarur. Aytaylik, 10 ming dollargacha qiymatdagi mulkka kambag‘alning mulki deb qaralsin. Shuncha ekvivalentdagi so‘m qiymatiga nol foiz, ya’ni mulkka ham, daromadga ham xuddi shunday bo‘lsin. Undan tepasiga o‘rtahol qatlam uchun alohida stavka belgilansin. Progressiv mexanizm degan tushuncha bor. Ya’ni daromad, mulk yoki boshqa aktiv qiymatining oshib borishi bilan soliq stavkasi ham o‘sishi kerak. Bu juda chuqur masala. Mana shunday mezonlarga, talablarga javob bermagan tizim o‘z–o‘zidan adolatsiz deyiladi”, deya xulosa qildi mutaxassis.

Теги :
Иқтисодиёт