Endi har yili 30—65 yoshdagi ayollar bepul onko-skriningdan o‘tkaziladi
Skrining natijasida onkologik kasallik aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ayollar salomatligini muhofaza qilish maqsadida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va nazorat qilish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Ushbu islohotlar “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” davlat qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Qaror doirasida 30-65 yoshdagi ayollar muntazam onko-skriningdan o‘tkaziladi, bu esa kasalliklarni erta bosqichda aniqlash imkonini beradi.
Elektron bazadan tekshiruvgacha
Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30-65 yoshdagi ayollar uchun elektron baza shakllantirilib, ularni muntazam tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi joriy qilinmoqda. Bachadon bo‘yni saratoni skriningi 30-50 yoshdagi ayollar orasida zamonaviy PCR tekshiruvi va suyuqlik sitologiyasi yordamida amalga oshiriladi. Manfiy natija aniqlanganda, keyingi tekshiruv 10 yildan so‘ng o‘tkaziladi. Musbat natija esa qo‘shimcha tekshiruv va davolanishni talab etadi.
Ko‘krak bezi saratoni tekshiruvi
Ko‘krak bezi saratonini aniqlash uchun 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar ultratovush diagnostikasi, 45-65 yoshdagi ayollar esa mammografiya tekshiruvlaridan o‘tadi. Ushbu chora-tadbirlar ayollarda saraton kasalliklarini erta aniqlashda samarali bo‘lishi kutilmoqda.
Davolanishga davlat ko‘magi
Onkologik kasallik aniqlangan bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazlari va uning hududiy filiallariga yuboriladi. Davolanish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.



