Shohimardonga kirishda joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti endi tun-u kun ishlaydi
Mazkur yangilik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 2024-yil 18-iyul kuni Toshkent shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshdi.
1 daqiqa o‘qiladi

Endilikda Shohimardonga kirishda joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkiti tun-u kun rejimida faoliyat olib boradi. Mazkur yangilik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 2024-yil 18-iyul kuni Toshkent shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshdi.
Bojxonalardan samarali foydalanish masalasi
Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida tomonlar ikkala davlat chegarasida joylashgan chegara bojxona postlaridan samarali foydalanish masalasini ko‘rib chiqishgan edi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bojxona hamda chegara xizmati rahbarlari Farg‘ona viloyatidagi chegara-bojxona postlari faoliyatini birgalikda ko‘zdan kechirib, yangi bojxona postlarini tashkil etish va mavjudlaridan samarali foydalanish, bojxona postlarida tirbandliklarning oldini olish borasida mavjud imkoniyatlarni tahlil qilishdi.
“Oq-qiya” bojxona punkti tun-u kun ishlash rejimiga o‘tkazildi
Yakunda esa 2024-yilning 26-iyulidan boshlab Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda Shohimardonga kirish qismida joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti tun-u kun ishlash rejimiga o‘tkazildi.
Endilikda Shohimardonga dam olgani borayotgan fuqarolar ushbu bojxona ob’yektlari orqali istalgan vaqtda harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.



