Deputatlik saylovi: Imzo to’plash jarayoni qanday kechmoqda?
26-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi Qonunchilik palatasi saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha saylov kampaniyasi ish boshlaganligini ma’lum qildi. Saylovning o’zi esa 27-oktyabr sanasida bo’lib o’tadi. Kampaniyalarida imzo to’plash qanday o’tyapti? Jarayon qanchalik xolis?
4 daqiqa o‘qiladi

26-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi Qonunchilik palatasi saylovlarini o‘tkazish bo‘yicha saylov kampaniyasi ish boshlaganligini ma’lum qildi. Saylovlarda ilk amaliy qadam siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash uchun imzo to‘plash jarayonidir. Joriy yilning 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar o‘tkaziladi. Shu kunlarda mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha siyosiy partiyalar tomonidan saylovchilar imzosini to‘plash jarayoni amalga oshirilmoqda.
Imzo to’plash qanday kechmoqda?
Hozirgi paytda imzo to‘plash jarayoni qizg‘in tus olmoqda. Imzo varaqalarini to‘ldirish tartibi va bu borada qat’iy amal qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar saylovchilarga tushuntirilmoqda. Qonunchilikka muvofiq, saylovchilar imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda olib borilmoqda.
Saylanish huquqi
1990-yilda YXHT Kopengagen hujjatida nomzodlarning saylanish huquqi haqida fikr yuritilib, ushbu huquq fuqarolarning asosiy fuqarolik va siyosiy huquqlardan biri sifatida e’tirof qilinadi. Mamlakatlarda saylov organlari, odatda, nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun javobgar hisoblanadi. Barcha da’vogarlar erkin va teng shart-sharoitlarda saylovda nomzod sifatida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur.
Kamida 40 ming imzo
Saylov qonunchiligiga muvofiq, siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin. Belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har partiyaning vakolatli vakiliga beriladi. Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foizi imzosini to‘plashi mumkin.
Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli
Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga saylovlarda imzolar to‘plash jarayonining yana bir muhim jihati shundaki, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli. Ushbu qoida demokratik mezonlardan biri bo‘lib, saylovda imzo to‘plashda fuqarolarning o‘zi xohlagan bir yoki bir nechta siyosiy partiyalarga erkin munosabat bildirishi imkonini yaratadi. Sababi, fuqarolar o‘zi ishonch bildirgan nomzod yoki siyosiy partiyani tanlaydigan jarayon aynan saylov kuni ro‘y beradi. Bu jarayon faqatgina imzo to‘plash jarayoni, xolos.
Saylovchiga qo’yiladigan talablar qanday?
Shuningdek, imzo varaqalarini to‘ldirishda saylovchi o‘z familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini (yoshi o‘n sakkizda bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda tug‘ilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek, imzo qo‘yilgan sanani ko‘rsatadi. Mazkur ma’lumotlar qo‘lda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga o‘z imzoSaylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshirilmoqda. Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston aholisi siyosiy faollashib bormoqda
Imzo varaqalariga tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi. Bugungi kunda fuqarolarimizning siyosiy faolligi ancha o‘zgargani, Qonunchilik palatasi va mahalliy xalq deputatlari Kengashlariga saylov jarayonlariga ularni befarq emasligi, aholining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini aynan imzo yig‘ish jarayonida faol ishtirok etayotganidan bilib olsa bo‘ladi. Sababi, ushbu jarayonda ular tomonidan saylov qonunchiligida ko‘rsatilgan barcha talablar doirasida, har bir siyosiy partiyani sinchiklab o‘rganib, qo‘llab-quvvatlash uchun imzo varaqalariga imzo qo‘ymoqdalar.
Imzo varaqalari qanday tekshiriladi?
Saylov kodeksining 39-moddasiga muvofiq, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshiriladi. Unga ko‘ra, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshiriladi va tekshiruv o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida siyosiy partiyalarga oldindan xabar beriladi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng miqdorda tanlab olinadi.
Jarayon qanchalik xolis kechadi?
Shuningdek, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tekshirish jarayonida ishtirok etadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhi tuziladi va ushbu guruh tarkibiga ichki ishlar va adliya organlarining xatshunos ekspertlari, mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi.
Eslatib o‘tamiz, imzo to‘plash jarayonlari joriy yilning 15-avgust kuni yakunlanadi.



