Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +23° kechasi +9°

O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan 7 yillik savdo-investitsiyaviy hamkorligi tahlil qilindi

Bunga ko‘ra, Qozog‘iston tashqi savdo hajmi bo‘yicha O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari uchligiga kirgan.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan 7 yillik savdo-investitsiyaviy hamkorligi tahlil qilindi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan 7 yillik savdo-investitsiyaviy hamkorligini tahlil qildi.

Tovar ayirboshlash hajmi

Qozog‘iston O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlari qatoriga kiradi va O‘zbekiston tovar ayirboshlash, eksport va import hajmi bo‘yicha 3-o‘rinni egallaydi.

2023 yilda O‘zbekiston tashqi savdosida Qozog‘istonning tovar aylanmasidagi ulushi 7,1%ni (2022 yilda 9,2%), eksportda 5,7%ni (7,1%), importda 7,9%ni (10,5%) tashkil etdi.

2016-2023 yillar davomida O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,4 barobar 1,9 milliard dollardan 4,5 milliard dollargacha o‘sdi, eksport 1,5 barobar 945,0 million dollardan 1,42 milliard dollargacha, import 3,2 barobar 953,9 million dollardan 3,07 milliard dollargacha o‘sganligi kuzatilgan.

Ayirboshlashdagi asosiy tovarlar

Eksport tarkibida: mashina va transport uskunalari – 47%; sanoat tovarlari -14,6%; oziq-ovqat mahsulotlari – 10,1%; kimyo mahsulotlari – 6,6%, turli tayyor mahsulotlar – 6,2%, ichimliklar va tamaki – 3,3%; nooziq-ovqat xomashyolari - 1,8%; xizmatlar – 10,1%ni tashkil etmoqda.

Import tarkibida: oziq-ovqat mahsulotlari – 44,7%; sanoat mahsulotlari – 23,6%; nooziq-ovqat xomashyosi – 8,6%, mineral yoqilg‘i – 8,4%; kimyoviy mahsulotlar - 6,2%; mashina va transport uskunalari – 3,4%; qurilish materiallari – 1,7%; ichimliklar - 1,5%; xizmatlar – 1,7%.

Korxonalar va kapital

Oxirgi 7 yil ichida O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 281 tadan 1043 taga, 3,7 barobar oshdi.

Joriy yil boshidan Qozog‘iston kapitali ishtirokida yangi tashkil etilgan korxonalar soni 139 tani tashkil etdi.

2023 yilda Qozog‘istondan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 201,5 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning atigi 6 oyida ularning hajmi 221,7 million dollarga yetdi.

Umuman olganda, so‘nggi 7 yil ichida Qozog‘istondan O‘zbekistonga kiritilgan sarmoya va kreditlarning umumiy hajmi 670 million dollardan ortiqni tashkil etdi.