$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Saraton — bolalar umrining "o‘g‘ri"si

Saraton

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tizimiga kiruvchi Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (XSTA) keltirgan axborotga ko‘ra, 2050-yilga borib saraton kasalligiga chalinganlar soni 35 milliondan oshib ketishini prognoz qilgan. Bu 2022-yilda qayd etilgan 20 million saraton kasalligi ko‘rsatkichidan 77 foizga ko‘p. Tabiiyki, shu o‘rinda sizda savol tug‘iladi: O‘zbekistonda vaziyat qanday? O‘zbekistonda 1-yilda o‘rtacha 25 ming nafar odam saraton kasalligiga chalinadi. Hozirda umumiy hisobda 147 mingdan ortiq (2022 yilgi ma’lumotga ko‘ra) bemor dispanser ro‘yxatida mavjud. O‘zbekistonda 2022-yilda 26367 nafar bemor saraton kasalligiga chalingan. Shulardan 11601 nafari kasallikning 3-4-bosqichidaligi aniqlangan. Saraton aniqlangan 26367 bemordan 4060 nafari kasallik topilgan yilning o‘zida vafot etgan. Umumiy hisobda 13888 nafar inson saraton sabab dunyodan ko‘z yumgan. Yuqorida yoshi katta bo‘lgan insonlar bilan bog‘liq vaziyat haqida tanishdik. Endi eng og‘riqli nuqta — bolalar o‘rtasidagi saraton kasalligiga chalinish holati bilan tanishsak.

Bolalar o‘limi

Tasavvur qiling, farzandingizda saraton kasalligining 3 yoki 4-bosqichi aniqlandi. Qanday og‘ir vaziyatga tushardingiz-a? Ko‘z oldingizda guldek ochilib yurgan bolangiz, xuddi gul kabi so‘liy boshlaydi yoki kuzgi yaproqlar kabi xazonga aylanadi. Saraton butun bir oilani ham ruhiy, ham moddiy tomonlama quritib tashlashi mumkin. Og‘rinadigan tomonni biroz bo‘lsa-da his qilgan bo‘lsangiz, endi mavzuga kirishamiz. Dunyoda har yili 19 yoshgacha bo‘lgan 400 ming nafarga yaqin bolalar va o‘smirlar saraton kasalligiga chalinadi. Onkolog Rustam Narbayevning keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda 881 nafar bolada onkologik kasallik topilgan. Shulardan 213 nafari kasallikning oxirgi, 3-4-bosqichlaridaligi aniqlangan. Aniqlangan 881 nafar bemordan bir yilga yetmay vafot etganlari 30 nafarni tashkil qiladi. Saraton sabab, umumiy bolalar o‘limini hisobga olsak, O‘zbekistonda 2022 yilda 330 nafar bola shu kasallik bilan vafot etgan.

Saratonning asosiy turlari

JSST ma’lumotlarida qayd etilishicha, 2022-yilda dunyodagi eng keng tarqalgan uchta saraton kasalligi turlari o‘pka saratoni, ko‘krak bezi saratoni va yo‘g‘on ichak saratoni bo‘lgan. O‘pka saratoni 1,8 million o‘limni yoki shu turdagi kasalliklar umumiy o‘limining 18,7 foizini tashkil etgan. Undan keyin yo‘g‘on ichak saratoni — 900 ming o‘lim (9,3 foiz), jigar saratoni — 760 ming o‘lim (7,8 foiz), ko‘krak bezi saratoni — 670 ming o‘lim (6,9 foiz) va oshqozon saratoni — 660 ming o‘lim (6,8 foiz). 2022-yilda saraton kasalligidan jami 9,7 million kishi vafot etgan. Mutaxassislar saraton, ayniqsa, ko‘krak bezi saratonining inson taraqqiyoti indeksiga (ITI) bog‘liqligini ta’kidlaydi. Inson taraqqiyoti indeksi juda yuqori bo‘lgan mamlakatlarda har 12 ayoldan biri hayoti davomida ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanadi va har 71 ayoldan biri bu kasallikdan vafot etadi. Bundan farqli o‘laroq, inson taraqqiyoti indeksi past bo‘lgan mamlakatlarda har 27 ayoldan biri hayoti davomida ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanadi va har 48 ayoldan biri vafot etadi.

So‘nggi manzil

Bunday turdagi bemorlarga turli muolajalar va kimyoviy terapiyalardan keyin ham umid qolmagach, ular uchun so‘nggi manzil vazifasini o‘z uyi yoki hospis o‘tab beradi. Hospis — tuzalmas kasalliklarga chalinganlar, asosan onkologik bemorlarga kasallikning so‘nggi bosqichida palliativ yordam ko‘rsatuvchi tibbiy - ijtimoiy tashkilot. Bu yerda bemorlar umrining so‘ngiga qadar mehr, e’tibor, parvarish, ruhiy madad qurshovida yashashadi. Hospisda ijtimoiy xodim, psixolog va shifokor hamkorlikda ish olib boradi. Maqsad faqatgina og‘riqlarning oldini olish va muolajalar qilish emas, balki, bemorning so‘nggi vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hisoblanadi. Bu yerda ota-onalar ham ijtimoiy va ruhiy yordam olishlari mumkin.

Onkologik yordamni takomillashtirish

2017-yilning aprel oyida "2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisiga onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik yordamni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingan edi. Unda reabilitatsiya va palliativ yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini, shuningdek, hospislarni yaratish onkologik xizmatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangandi. Toshkent shahar hokimligi tomonidan quriladigan birinchi hospis 2019-yilda ochilishi kerak edi. Natija bo‘lmadi. 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi butun dunyoni qamrab oldi. Shuning bilan ishlar noma’lum muddatga qoldiriladi. 

Markaziy Osiyodagi birinchi bolalar hospisi

2022-yilning 25-avgustida Toshkent viloyati Zangiota tumanida 20 o‘ringa mo‘ljallangan Markaziy Osiyodagi birinchi bolalar hospisi ochildi. "Taskin" nomli ushbu hospisi prezident qaroriga binoan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi hamda "Ezgu Amal" Jamoat fondi yordamida Zangiota ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi negizida ochilgan bo‘lib, hospis 20 nafar bemorga mo‘ljallangan.

Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha I xalqaro kongressi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida onkologik kasalliklar sababli erta o‘limni 2,5 barobarga qisqartirish vazifasi belgilangan. Shuningdek, joriy yilning 21-may kuni davlat rahbari tomonidan imzolangan qaroriga ko‘ra, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining bolalar saratoniga qarshi kurash bo‘yicha global tashabbusida ishtirok etish doirasida 2030-yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida onkologik kasalliklar sababli erta o‘limni 2,5 barobarga qisqartirish vazifasi ham belgilangan. Shu munosabati bilan bugun Toshkent shahrida “Dalillarga asoslangan harakat” mavzusidagi bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha I xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda. Xalqaro kongressining asosiy maqsadi — xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eng so‘nggi ilm-fan yutuqlari, ilg‘or diagnostika va davolash usullarini muhokama qilish, tibbiy yordam sifatini oshirish, bemorlarning ruhiy-ijtimoiy va madaniy holatlarini hisobga olgan holda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonda bolalar saratonini davolashda ilg‘or xalqaro va innovatsion amaliyotlarni joriy qilishdir.

Har bir bola yashashga haqli

Kongress 300 dan ziyod ishtirokchi, shu jumladan JSST, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologlar maktabi, xorijiy universitet klinikalari va yetakchi tibbiyot markazlari rahbarlari, xalqaro va milliy ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini to‘pladi. Kongressni O‘zbekistonning birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva ochib berdi. "Bu yerga biz yagona maqsadni ko‘zlab, o‘g‘il-qizlarimizning hayotiga zomin bo‘layotgan eng og‘ir kasalliklardan birini yengish uchun yig‘ildik. Har bir bola yashashga haqlidir. Bolalar kelajakda sog‘lom bo‘lishi, to‘laqonli hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish bizning burchimizdir", deb ta’kidladi Ziroat Mirziyoyeva.

Onkologik kasalliklar bilan kasallangan 4 ta boladan faqat 1 tasi omon qoladi

Kongressda ko‘plab mutaxassislar qatori Bolalar onkologiyasi markazining saylangan direktori Rob Piyeters ham onlayn ishtirok etib, soha rivojiga katta hissa qo‘shayotgan Niderlandiya mamlakatidagi vaziyat bilan o‘rtoqlashdi. "Niderlandiyada bir yilda 600 dan ortiq bolalar saratoni aniqlanadi. Bu yerda saraton kasalligidan o‘lish, o‘lim holatining aksari hisoblanadi. Ya’ni, onkologik kasalliklar bilan kasallangan 4 ta boladan faqat 1 tasi omon qoladi. Niderlandiyada onkologik kasalliklarni davolash uchun 7 ta pediatriya markazlari mavjud. Shuningdek, biz bolalar onkologik kasalliklarining 25 dan 50 gacha bo‘lgan turlarini davolaymiz. Biz hamkorlarimizga bizda mavjud, ammo ularda bo‘lmagan sharoitlarni taqdim qilishga urinamiz. Biz O‘zbekiston Respublikasi bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi milliy markazi bilan hamkorlik qilamiz deb o‘ylaymiz. O‘ylaymanki, bu hamkorlik yaqin kunlarda yo‘lga qo‘yiladi" — dedi Rob Piyeters.

O‘zbekistonda sharoit va holatni yaxshilashga bo‘lgan nihoyatda katta intilish bor

Kongressning dastlabki kunida yana bir spiker, JSST Yevropa byurosi xodimi Vitaliy Similov ham nutq irod etdi. O‘zbekiston hozirgi vaqt bu yo‘nalishda O‘rta Osiyodagina emas, balki butun dunyodagi global tashabbuslarga bosh qo‘shadi. Biz bolalar saratoni bo‘yicha kun tartibini "Milliy saratonga qarshi kurashish" dasturiga kiritishni reja qilganmiz. Bu juda katta ahamiyatga ega hujjat bo‘lib, o‘z ichiga dalil-isbot bazasiga asoslangan tavsiyalar va mavjud barcha foydalanish mumkin bo‘lgan resurslarni qamrab oladi. O‘zbekistonda sharoit va holatni yaxshilashga bo‘lgan nihoyatda katta intilish bor. Biz iloji boricha bu harakatga ko‘maklashishga harakat qilamiz. Bu yerda juda ko‘p turli markazlarda ta’lim olayotgan xodimlar borligini bilamiz. Sababi, biz xalqaro forumlarda o‘zbekistonlik ekspertlar bilan duch kelganmiz, ularning fikrlarini tinglaganmiz.

Global tashabbus

O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan bolalar saratoniga qarshi Global tashabbusida ishtirok etish uchun tanlangan maqsadli mamlakatlar o‘ntaligi qatoriga kirgan. Bunda asosiy vazifalar zamonaviy diagnostika usullaridan foydalanishni yaxshilash, saraton va gematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, terapiya samaradorligini va bolalarning umumiy farovonligini oshirishdan iborat bo‘ladi.

Dori vositalari bilan ta’minlash ishlari

Bundan tashqari, O‘zbekiston JSSTning Bolalarni saraton kasalligidan davolash uchun dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha Global platformasida ishtirok etish uchun tanlab olindi. Unga asosan saraton kasalligiga chalingan bolalar uchun sifatli dori vositalarini uzluksiz qabul qilish hamda ularni bu yo‘nalishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Dunyoda birinchi bo‘lgan ushbu platforma JSST va AQSHning Sent-Jud bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasining loyihasi bo‘lib, bolalarni moliyaviy qiyinchiliklarsiz xavfsiz, samarali va sifatli saratonga qarshi dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan. Dori vositalarini xarid qilish JSSTning texnik topshiriqlari asosida UNICEF tomonidan amalga oshiriladi.

Теги :
Jamiyat