$
 12900.37
-2.96
 13818.88
256.19
 143.80
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

Har soatda 200 nafardan ortiq ayolda koʻkrak bezi saratoni aniqlanadi. U bilan qanday kurashish mumkin?

saraton

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yiliga 2,3 million nafar (soatiga 262 nafar) dan ortiq ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilmoqda. Agar o‘sish tendensiyalari shunday davom etsa, 2050-yilga borib, bu kasallikka chalinganlar soni 38 foizga, o‘lim darajasi esa 68 foizga oshishi mumkin. 

Xastalik nima uchun koʻpayyapti?

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, bu xastaklikning ko‘payishi qator omillar bilan bog‘liq. Yosh ko‘rsatkichlari va genetik faktorlar shular orasida yetakchilik qiladi. Shuningdek, nosog‘lom turmush tarzi, xususan, spirtli ichimliklar iste’moli, kamharakatlik va ortiqcha vazn ham kasallikning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Tadqiqotchilar fikricha, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish orqali xastalikka chalinish ko‘rsatkichini qariyb 25 foizga kamaytirish mumkin. Qolaversa, dunyo bo‘yicha 29 ta mamlakatda ko‘krak bezi saratonidan o‘lim darajasi sezilarli darajada kamaygan. Bu — erta bosqichdagi skrining dasturlari va davolanish samaradorligi oshgani bilan izohlanmoqda.

Oʻzbekistonda vaziyat qanday?

Ko‘krak bezi saratoni O‘zbekistonda ham saraton kasalliklari orasida o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2020-yilda 4454 ta yangi kasallik qayd etilgan va o‘sha yilning o‘zida 2067 nafar ayol ushbu kasallikdan vafot etgan.

Mutaxassis nima deydi?

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Lola Alimxo‘jayeva ushbu xastalikning oldini olish va samarali davolash yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi. 

— Bu patologiya asosan 45—65 yoshda rivojlanadi, — deydi mutaxassis. — Shu sababli ayni yoshdagi ayollarni rejali mammografik tekshiruvlardan o‘tkazib turish zarur. 

Yurtimizda ushbu yo‘nalishda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimiz bo‘ylab 45—65 yoshdagi ayollar ko‘krak bezi saratoni skriningidan o‘tkazilishi belgilangan. Shunga muvofiq, har yili 1,5 millionga yaqin 45—65 yoshdagi opa-singillarimizni shunday tekshiruvlar bilan qamrab olish choralari ko‘rilmoqda.Chunki ko‘krak bezi saratonini vaqtida aniqlash orqali bemor hayotini saqlab qolish mumkin. 

Ko‘krakni qo‘lda paypaslash qilish orqali saratonni 1 yoki 2 bosqichda, ayniqsa, ko‘krak to‘qimalarida chuqur joylashgan o‘smalarni aniqlash deyarli mumkin emas. Mammografiya 45−65 yoshdagi ayollar uchun ko‘rsatiladi. Va 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar uchun ultratovush diagnostikasi har ikki yilda bir marta tavsiya etiladi. Xavf omillariga quyidagilar kiradi: yaqin qarindoshlarda ko‘krak bezi saratoni kuzatilgani, gormonlarni almashtirish terapiyasi (ayniqsa, estrogenning yuqori dozalari bilan), ko‘krak qafasi yoki sut bezlariga radiatsiya terapiyasi, kech menopauza, BRCA 1 va 2, PALB-2 genlarining mutatsiyasi mavjudligi va boshqalar.

Shuning uchun shifokorlar 50 yoshdan oshgan ayollarga har yili mammografiyadan o‘tishni tavsiya qiladi. O‘zbekistonda ushbu yosh toifasidagi qariyb 3 million ayol istiqomat qiladi. Bu xastalikning tarqalish ko‘rsatkichi har 100 ming nafar aholiga nisbatan 12 nafarni tashkil etadi. Shuni alohida ta’kidlashni istardikki, ko‘krak bezi saratonining erta — 1-2 bosqichlarida 10 tadan 9 ta holatda xastalikdan xalos bo‘lish imkoni bo‘ladi.

Kasallik belgilari

Bestfeel nashrida taqdim etilgan maqolada ko‘krak bezi saratoni avj olmasligi uchun organizmning qaysi belgilariga ahamiyat qaratish lozimligi bayon etildi. Bir vaqtning o‘zida quyida keltirilgan belgilarning aksariyatini his qilsangiz, shifokor ko‘rigidan o‘tishni unutmang!

1. Ajralmalar

Agar ko‘krak uchida og‘riq his qilsangiz, undan ajralmalar chiqayotganini ko‘rsangiz (ko‘krak sutidan tashqari), bu ko‘krak bezi saratonining belgilari bo‘lishi mumkin. 

2. Teri tarkibining o‘zgarishi

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, saratonning bu turiga yo‘liqqan ayollarning ko‘krak sohasidagi terisi apelsin po‘stlog‘iga o‘xshab ketadi. 

3. Doimiy og‘riq

Og‘riqni qoldiruvchi va antibiotik dori vositalari ta'sir qilmagan ko‘krak sohasidagi og‘riqqa e'tiborli bo‘ling. 

4. Yo‘tal va nafas olishning qiyinlashuvi

Ko‘krak bezi saratonining belgilaridan biri shamollash yoki gripp bilan bog‘liq bo‘lmagan tushunarsiz va sababsiz yo‘tal xurujlari.

3. Siydik tarkibi va ichakdagi o‘zgarishlar

Sizni sababsiz qabziyat yoki ichburug‘ qiynayaptimi? Bu ko‘krak bezi saratoniga doir tekshiruvlardan o‘tishingiz uchun asosli sabab bo‘la oladi. 

6. Holsizlik

Ko‘krak bezi saratoniga chalingan ayollarda holsizlik, tez charchash beliglari kuzatiladi. Bunda ularning 8 soatdan kam yoki ko‘p uxlashi ahamiyatsiz.

7. Vazndagi o‘zgarishlar

Oxirgi paytlarda keskin ozib yoki to‘lishib ketganingizni sezsangiz, o‘zingizga “nima uchun?” degan savolni berib ko‘ring.

8. Qo‘ltiqda o‘simta paydo bo‘lishi

Qo‘ltiq sohasida kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan o‘simta paydo bo‘lsa, ogoh bo‘ling. Gap shundaki, ko‘krak va qo‘ltiq o‘zaro bog‘liq bo‘ladi, saraton o‘simtasi aynan shu sohadan rivojlana boshlashi mumkin. 

9. O‘lcham

Ko‘kragingizga diqqat bilan qarang. Ular o‘lchamiga ko‘ra bir xilmi yoki biri ikkinchisidan kattaroqmi?

10. Ko‘krakning qichishi

Ko‘krakning qichishiga bir necha omil sabab bo‘lishi mumkin:

  • kir yuvish kukuniga allergiya;
  • sut bezlarining o‘sishi (jismoniy yetilish davrida);
  • limfalar sirkulyatsiyasi yomonlashuvi va suyuqlikning qotib qolishi;
  • tana o‘simta uchun yangi qon tomirlari hosil qilishga urinishi.

11. Yelkaning pastki sohasidagi og‘riqlar

Agar yelkangizning atrofidagi soha sababsiz ko‘p bezovta qilsa va og‘riq chekinmasa, bunga jiddiy e'tibor qarating. Axir o‘simta to‘qimalarining cho‘zilishi og‘riqni paydo qilishi mumkin. Bu belgi yana shunisi bilan yomonki, kasallikning avj olishi natijasida metastazlar suyaklarga ziyon yetkazishi mumkin.

Теги :
Salomatlik