$
 12741.76
26.69
 14035.05
-6.2
 139.85
0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Migrantlarga tazyiq: Rossiyadagi o‘zbeklar 4 kun davomida hibsda saqlandi

prison

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonliklar noqonuniy hibsga olingani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi bir necha o‘zbekistonlik migrantlarning to‘rt kundan buyon politsiya bo‘limida qolib ketayotganini ko‘rsatuvchi video tarqaldi.

Ish beruvchi migrantlarni Moskva viloyatiga jo‘natgan

Ma’lum bo‘lishicha, o‘ndan ortiq o‘zbekistonliklar Rossiyaga kelgach, patent va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan. Ular migratsion qaydlar, mehnat shartnomalari va Rossiyada ishlash uchun kerakli barcha hujjatlarga ega bo‘lgan. Biroq, ish beruvchi (OOO "Zolotoy Karandash")ning topshirig‘iga ko‘ra, Moskva shahrida emas, balki Moskva oblastida ish olib borishgan.

6-avgust kuni esa ular Moskva oblastida ishlayotgan paytda, ish obyektiga tekshiruv kelib, barcha muhojirlar politsiya bo‘limiga olib ketilgan. Hujjatlari Moskva shahrida ishlash uchun rasmiylashtirilgan muhojirlar ajratilib, Odinsovo shahridagi politsiya bo‘limiga olib borilgan. U yerda bir kun qolgan migrantlarning hujjatlari olib qo‘yilgan. 7-avgust kuni ular sudga olib borilib, qisqa sud jarayonidan so‘ng yana politsiya bo‘limiga qaytarilgan, ammo bu safar Golisino tumanidagi politsiya bo‘limiga.

“Biz nima uchun sudlanganimizni bilmaymiz”

— Bizni bu yerdagi politsiya bo‘limiga olib kelishganida Namangandan kelgan hamyurtlarimizni uchratdik. Ular besh kishi. Ular hech qanday sudsiz olti kundan beri shu yerda ekan. Hujjatlari ham olib qo‘yilgan. Bizdan farqli ravishda, ularga sud ham bo‘lmagan. Biz esa uch kundan buyon nima uchun ushlab turilganimiz haqida hech narsa bilmaymiz. Sudda ham qanday qaror qabul qilingani, nima uchun sudlanganimizni bilmaymiz, — deydi Javlonbek ismli hamyurtimiz.

Shuningdek, 8-avgust holatiga ko‘ra, Golisino politsiya bo‘limida Buxorodan 2, Farg‘onadan 3, Qashqadaryodan 2, Namangandan 4, Xorazm, Surxondaryo va Andijondan 1 nafardan hamyurtlarimiz hanuz ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi.

Elchixona 3 kundan keyin munosabat bildirdi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

9-avgust kuni ushbu fuqarolar keyinchalik Rossiya Federatsiyasidan deportatsiya qilish uchun Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva viloyati bo‘yicha Bosh boshqarmasining Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtiriladi.

"O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi Federatsiyaga kelishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini, shuningdek, mehnat migratsiyasi uchun Rossiyada bo‘lgan fuqarolarni o‘z yashash davlatida belgilangan qonunchilikka rioya qilishga chaqiradi", — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, muhojirlar patentni qaysi shaharda rasmiylashtirgan bo‘lsa, faqat o‘sha joyda ishlash huquqiga ega. Moskva patenti bilan Moskva oblastida ishlash huquqbuzarlik hisoblanadi va bunday holatlarda jarima hamda besh yilgacha Rossiyadan chiqarib yuborish jazosi belgilangan.