$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir yarim yilda so‘m AQSh dollariga nisbatan taxminan 12 foizga qadrsizlandi

almashuv

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2019-yilning yanvar oyidan 2024-yilning iyun oyigacha bo‘lgan davr uchun so‘mning nominal va real samarali almashuv kurslari hisoblab chiqildi.

Real samarali almashuv kursi mustahkamlangan

 Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2019-yildan 2023-yilgacha real samarali almashuv kursi 7,6 foizga mustahkamlangan, nominal samarali almashuv kursi esa deyarli 6,6 foizga pasaygan.

2024-yil boshidan real samarali almashuv kursi biroz pasaya boshladi va oʻz navbatida, nominal samarali almashuv kursi deyarli bir xil darajada saqlanib qoldi.

3 ta omil valyuta kurslarining o‘zgarishiga sabab bo‘ldi

Nominal va real samarali valyuta kurslarining o‘zgarishiga 3 ta asosiy omil ta’sir ko‘rsatdi:

Nominal kurs summasining o‘zgarishi. 2023-yilning boshidan 2024-yilning iyun oyigacha bo‘lgan davrda ichki valyuta bozorida so‘m AQSh dollariga nisbatan taxminan 12 foizga qadrsizlandi. 2023-yilning boshidan buyon Rossiya (34 foiz) va Turkiya (72 foiz) da sezilarli devalvatsiya tendensiyasi kuzatilgan bo‘lsa, Xitoy (7,5 foiz) va Janubiy Koreya (9 foiz) milliy valyutalarining qadrsizlanish sur’atlari o‘rtacha darajada saqlanib qoldi.

O‘zbekiston va uning savdo hamkori bo‘lgan mamlakatlarda narxlar darajasining o‘zgarishi. 2024-yilning iyun oyidagi holatga ko‘ra, Xitoyda yillik inflyatsiya 0,2 foizni, Rossiyada 8,6 foizni, Qozog‘istonda 8,4 foizni, Turkiyada 71,6 foizni, Tojikistonda 3,5 foizni tashkil etdi. O‘zbekistonda yillik inflyatsiya (2023-yil iyuniga kelib) 10,6 foizgacha tezlashdi.

Oʻzbekistonning tashqi savdosida asosiy savdo hamkorimiz bo‘lgan mamlakatlar ulushi. Respublikaning tashqi savdo aylanmasida hamkor mamlakatning ulushi qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zbek so‘mi almashuv kursining ushbu mamlakat valyutasiga bog‘liqligi shuncha yuqori bo‘ladi va bu mamlakatda narxlarning o‘zgarishi so‘mning samarali almashuv kurslariga kuchliroq ta’sir qiladi. Natijada, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Turkiyadagi inflyatsiya jarayonlari va valyuta kurslarining o‘zgarishi so‘mning real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.