Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hokimidan Quvasoydagi keytering korxonasiga oid qarorini bekor qilishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi bog‘chalarga keytering xizmatini ko‘rsatish tendersiz bitta korxonaga berib yuborilishini noqonuniy deb topdi.
1 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi bog‘chalarga keytering xizmatini ko‘rsatish tendersiz bitta korxonaga berib yuborilishini noqonuniy deb topdi.
Respublikadagi ilk keytering tizimli bog‘cha
Quvasoy shahrida bog‘cha bolalarini keytering tizimi asosida ovqatlantirish bo‘yicha respublikadagi birinchi korxona ish boshlagan bo‘lib, viloyat hokimi Xayrulla Bozorov qarori bilan bu korxonaga bog‘chalar tender o‘tkazmasdan biriktirib berilgan.
Vaholanki, tegishli tartibga asosan, davlat bog‘chalarida autsorsing usulida ovqatlantirish Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalariga ko‘ra tashkil etilishi kerak.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Quvasoy shahridagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tayyor ovqat yetkazib berish huquqini hech qanday tanlov yoki tendersiz aynan bitta tadbirkorga taqdim etilganligi” yuzasidan Viloyat hokimligining 2024-yil 25-iyuldagi qarori qonuniyligi keng jamoatchilik tomonidan muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Raqobat qo‘mitasining xati
Raqobat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bu holatda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi buzilgan. Shunga asosan, raqobat muhitini ta’minlash uchun Farg‘ona viloyati hokimi qarorini bekor qilish va talablarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan ko‘rsatma xati yuborilgan.



