$
 11990.26
-68.19
 13738.44
-80.54
 162.23
-1.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Majburiy UzQR: Yutadigan kim-u, toʻlaydigan kim?

qr

Bugun eng ko‘p muhokama qilinayotgan masala bu shubhasiz, biznes uchun yagona UzQR tizimining joriy etilishidir. Joriy yilning 1-iyulidan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun ushbu tizimdan foydalanish majburiy etib belgilanmoqda. Bir qarashda naqd pulsiz hisob-kitoblarni osonlashtirishi kerak bo‘lgan ushbu yangilik joriy etilgan komissiya to‘lovlari va kutilmagan yashirin xarajatlar sababli jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, UzQR o‘zi nima, u nima uchun kerak edi va nega iqtisodchilar undan xavotirda?

Nega kerak edi?

Bugungi kunga qadar har bir to‘lov tashkiloti va bank mobil ilovalari bozorga o‘zining alohida QR-kodlarini taklif qilib kelayotgan edi. Natijada do‘kon peshtaxtalarida vizitka kabi terilib ketgan o‘nlab xilma-xil QR-kodlarni ko‘rish odatiy holga aylangan edi. Bu nafaqat vizual noqulaylik, balki tadbirkor uchun har bir kompaniya bilan alohida shartnoma tuzish va kelib tushayotgan mablag‘larni turli hisobvaraqlarda tarqoq holda saqlash majburiyatini ham tug‘dirardi. UzQR esa iste’molchiga istalgan bank yoki to‘lov tizimi ilovasi orqali yagona bir dona kodni skaner qilib, to‘lovni amalga oshirish imkonini beruvchi milliy infratuzilma hisoblanadi. Uning joriy etilishi natijasida mijozlar qaysi ilovadan foydalanishidan qat’i nazar, bitta kodni skanerlash imkoniga ega bo‘ladi, biznes vakillari esa peshtaxtadagi o‘nlab shtrix-kodlar o‘rniga yagona tizim bilan ishlaydi.

Majburiy komissiya

Biroq, tizimning moliyaviy shartlari e’lon qilinishi bilan dastlabki e’tirozlar paydo bo‘la boshladi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, UzQR orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalardan sotuvchi hisobidan 0,65 foiz miqdorida majburiy komissiya undiriladi. Regulyator bu tarif amaldagi xususiy to‘lov tizimlarining 1 foizdan 3 foizgacha bo‘lgan tariflaridan ancha arzonligini ta’kidlamoqda. Mazkur 0,65 foizlik komissiya zanjir ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi. Bunda eng katta ulush — 0,20 foiz tizim ta’minotini yetkazib beruvchi QR-kod operatoriga, 0,15 foiz to‘lov tashabbuskori bo‘lgan mobil ilovaga, 0,10 foiz kodni o‘rnatgan ekvayer bankka, qolgan qismi esa mos ravishda Uzcard, Humo va to‘lovchi bank o‘rtasida bo‘linadi.

Yangi tizim bilan bog‘liq eng katta shov-shuv va e’tirozlar esa ayrim holatlarda xaridordan ham tranzaksiya summasining 1 foizigacha qo‘shimcha komissiya ushlab qolinayotgani ortidan kelib chiqdi. Markaziy bank bu holatga munosabat bildirib, rasmiy tarif tuzilmasida iste’molchidan hech qanday yig‘im undirish ko‘zda tutilmaganini ma’lum qildi. Regulyator buni tizim ishtirokchilarining shaxsiy tashabbusi deb atadi va ayni paytda ushbu noqonuniy holatlarni tartibga solish bo‘yicha ish olib borilayotganini bildirdi.

Iqtisodchi fikri

Shunga qaramay, iqtisodchi ekspert Otabek Bakirov o‘rnatilgan komissiyalar miqdori UzQR tizimining jozibadorligini sezilarli darajada pasaytirishi, u baribir naqd pul yoki an’anaviy terminallar o‘rnini bosa olmasligini ta’kidlamoqda. Ekspertning fikricha, juda katta umidlar qilingan yagona QR-kod bunday yuqori komissiyalar bilan naqd hisob-kitoblardan ham, terminal orqali hisob-kitoblardan ham afzal bo‘la olmaydi va balki shuning uchun ham u ma’muriy yo‘l bilan majburiy deb e’lon qilingan.

Iqtisodchi regulyator oldiga bir nechta muhim savollarni qo‘yadi. Birinchidan, o‘tish tannarxi yuqoriligicha qolmoqda — Markaziy bank o‘zining ulkan ma’muriy va infratuzilmaviy resurslaridan foydalanib, ushbu tarifni ikki barobar arzonroq taklif qilishi mumkin edi. Ikkinchidan, ushbu komissiyalar sharoitida iste’molchi ham, sotuvchi ham baribir ancha arzonroq bo‘lgan an’anaviy terminalni (0,20 foiz) yoki umuman tekin bo‘lgan naqd pulni afzal ko‘rishda davom etadi. Uchinchidan, biznes va iste’molchilar uchun asosiy xatar shundaki, endilikda ikki monopolist to‘lov tizimi terminallar orqali ekvayring tariflarini oshirish uchun qo‘shimcha tafovut maydoniga ega bo‘lib qolishdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, UzQR g‘oya va texnik infratuzilma sifatida raqamli iqtisodiyot uchun ijobiy qadam. Biroq, har qanday texnologik qulaylik iqtisodiy jihatdan ham o‘zini oqlashi kerak. Agar komissiyalar masalasi bozor talablariga moslab optimal darajaga keltirilmasa va xaridordan noqonuniy mablag‘ undirish holatlariga qat’iy chek qo‘yilmasa, UzQR biznes uchun qulay vosita emas, balki majburiy yukka aylanib qolish xavfi ostida qoladi. Iqtisodiyotni soyadan olib chiqishning eng samarali yo‘li esa ma’muriy majburlash yoki jazo choralari emas, balki naqd pulsiz hisob-kitob tizimini naqd puldan ko‘ra arzonroq, xavfsizroq va jozibadorroq qilishdir.

Теги :
Jamiyat