Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 84 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +10°

Xorazmda qovun sayli: Qadimiy an’analar va zamonaviy san’at uyg‘unligi

9-11-avgust kunlari Xivadagi agroturizm bayrami qanday o‘tdi?

2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda qovun sayli: Qadimiy an’analar va zamonaviy san’at uyg‘unligi

Azal-azaldan “Quyoshli o‘lka” nomi bilan dunyoga ma’lum va mashhur bo‘lgan qadimiy Xorazm zaminida 9−11 avgust kunlari “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tdi.

Qovunning 125 ga yaqin navi namoyish etildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, Xorazm viloyatidagi 13 ta shahar va tuman hokimliklari, o‘z hududlarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari qovun mahsulotlarining “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qariqiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Ko‘k gulobi”, “Bo‘rikalla” kabi mahalliy qovunlarning 125 ga yaqin navlari namoyishi hamda hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Pavilyonlar 4 ta nominatsiya bo‘yicha ham baholandi:

“Qovunchilikda eng yuqori daromad va hosildorlikka erishganlik uchun”;

“Qadimiy an’anaviy Xorazm qovunlari navlarini tiklaganligi uchun”;

“Qovunchilikda innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”;

“Eng ko‘p turdagi qovun yetishtirgan hudud”.

Festival uchun “Polvon” darvoza oldi, “Alleya” maydonining 4 gektarida 60 ta pavilyon tashkil etilgan edi.

Xorazm qovunlari haqidagi afsonalar

Ma’lumki, Xorazm — serunum tuprog‘i, sug‘orish va dehqonchilik an’analari, shirindan-shakar mevalari hamda sabzavotlari bilan olamga dong taratgan.

Ayniqsa, Xorazm qovunlari qadim-qadimdan Qoraqum va Qizilqum barhanlari bilan o‘ralgan oltin vohaning “baryeri” bo‘lib kelgan.

Rivoyatlarda aytilishicha, karvon yo‘li bilan Xorazm hududiga kirib kelgan tib ilmining sultoni — Abu Ali ibn Sino Amudaryoning loyqa suvi to‘lib oqayotgan ariq bo‘yida gurvak (qovun navi) yeb o‘tirgan chol va nabirani ko‘rib, bu yurtning davosi o‘zida ekan, bu yerga tabibning hojati yo‘q deya, orqaga qaytgani naql qilinadi.

Istiqlol yillarida Xorazmga tashrif buyurgan BAA elchisi Xorazmning “Obi novot”, “Qari qiz” kabi qovunlarini tanovul qilgach: “Men bu dunyodagi hayotimda jannat ne’matlaridan tatib ko‘raman deb o‘ylamagandim”, — deya hayratga tushgani aytiladi.

 Madaniy va musiqiy dasturlar

 Gastro-turizm pavilyonlarida nafaqat qovunlarni, balki Xorazmning boshqa milliy taomlarini tatib ko‘rish mumkin edi.

 Karving bo‘yicha mahorat darslari ham tashkil etilgandi.

 Hunarmandchilik pavilyonlari, milliy folklor guruhlarining chiqishlari, xon va ayonlar chiqishi, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, xalq og‘zaki ijodi namunalari ayniqsa xorijlik mehmonlarni xushnud etdi.

Festival hududi bo‘ylab tashkil etilgan har bir pavilyon haqiqiy Xorazm atmosferasi shukuhini berar edi.

Kechki musiqiy dastur doirasida Xamdam Sobirov, Ziyoda, Jenisbek Piyazov, G‘ulomjon Yoqubov, Ravshan Komilov, Alisher Fayz, Og‘abek Sobirov, Zulayxo Boyxonova, Abduhoshim Ismoilov singari o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirok etdi. Rafet El Roman va Nahide Babashli kabi jahon sahnasi yulduzlari ham tashrif buyurdi.