$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Surxondaryoda “Qizil kitob”ga kiritilgan sirtlon o‘ldirildi

Miltiq

Dastavval “Ekolog.uz” Telegram kanalida respublikada faqat Surxondaryoda yashaydigan, o‘ta noyob tur bo‘lgan, Xalqaro va O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan targ‘il sirtlonning (do‘lta) Sho‘rchi tumanida o‘ldirilgani haqida xabar bergan edi. Jamoamiz har yili targ‘il sirtlonlarining cho‘ponlar, mahalliy aholi, brakonerlar tomonidan o‘ldirilishi haqida bong uradi. Biroq, afsuski, jonivorni o‘ldirgan shaxslar topilgan taqdirda ham ular jazodan qutulib qolmoqda. Zero, O‘zbekistonning barcha flora va faunasi qazilma boyliklar singari davlat boyligidir. Fikrimizcha, sanoqli qolgan mazkur jonivorlarning turli sabablar bilan o‘ldirilishi mamlakatga qarshi qilinayotgan jinoyatdir. Barmoq bilan sanoqli qolgan mazkur hayvon va o‘simlik turlarini saqlab qolish uchun qamoq jazosi belgilanishi va o‘ta og‘ir jinoyat turiga kiritilishi shart, — deyilmoqda kanal xabarida. Ushbu masala yuzasidan Ekologiya vazirligi izohida aytilishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan holat o‘rganilgan. Mazkur hodisa 2023-yilning oktyabr oyi oxiri — noyabr oyi boshlarida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani “Obodon” mahallasida “Takatosh” massivida fuqaro Sh.X. tomonidan sodir etilganligi aniqlandi. Holat natijasida tabiatga 1 milliard 60 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlangan. Voqeani o‘rganish chog‘ida bir bosh noma’lum hayvonning suyaklari topilib, ular qaysi hayvon turiga tegishliligi borasida ilmiy xulosa olish maqsadida tegishli tashkilotlarga jo‘natildi. Xulosa olingach, hujjatlar chora ko‘rish maqsadida prokuratura organlariga yuboriladi, — deyilmoqda vazirlik axborotida.

Qonun bo‘yicha chora

Shuningdek, ekologiya vazirligining eslatib o‘tishicha, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish qat’iyan taqiqlangani, bu qonunga ko‘ra keskin javobgarlikka sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 202-moddasiga ko‘ra, “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarni nobud qilish eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Jumladan, qoplon, targ‘il sirtlon, ilvirs kabi hayvonlar noqonuniy ovlagani uchun O‘zbekiston fuqarolari 3 mlrd. 150 mln. so‘m, chet el fuqarolari esa 400 ming dollar tabiatga yetkazilgan zararni to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

Kamyob sirtlonlar

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, Surxondaryo hududida yashaydigan targ‘il sirtlon (do‘lta) Afrikadagi qarindoshidan farq qiladi. U ancha yirik va yoli bor. Go‘sht, o‘laksa, meva, hattoki och qolsa o‘simliklar bilan ham oziqlanadi. So‘nggi yillar ularning yashash hududi odamlar tomonidan o‘zlashtirilishi, yaylovzorga aylantirilib, chorvaning ko‘plab boqilishi natijasida soni juda kam qolib, butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida. Bizning fikrimizcha, bu ham kam, barmoq bilan sanoqli qolgan mazkur hayvon va o‘simlik turlarini saqlab qolish uchun qamoq jazosi belgilanishi va o‘ta og‘ir jinoyat turiga kiritilishi shart. Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuraturaning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologik partiyasi, Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi deputatlari hamkorligida mazkur masalaga jiddiy yondashish zarurdir.