$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda qiynoq ortidan kelib chiqqan o‘lim holatlari uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

Qiynoq

O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Odam o‘limiga sabab bo‘luvchi qiynoqlar og‘irlashtirilmoqda

Qonun bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lishi kabi og‘irlashtiruvchi javobgarlik belgilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat kengashining 2024-yil 21-fevraldagi topshirig‘ida Jinoyat kodeksining 235-moddasini (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqib tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish IIV, DXX, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, TIV va Adliya vazirliklariga yuklatilgan.

8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi

Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq 235-modda 3- va 4-qism bilan to‘ldirilmoqda.

-        ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar badanga og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;

-        ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar jabrlanuvchining o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan maqsad nima?

Loyihada qayd etilishicha, qonun bilan taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar orqali aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash shaxs qadr-qimmatini oshirishiga hamda sezilarli darajada yaxshilanishiga erishiladi. Bundan tashqari, amaliyotda qiynoq oqibatida o‘lim holati yuz berganda, qo‘shimcha modda bilan malakalash talab qilinmaydi.

Tahliliy ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, amaliyotda qiynoq oqibatida odam o‘limi bilan bog‘liq holat ham kuzatilmoqda. Misol tariqasida, 2020-yil 30-may kuni Andijon viloyati IIB 6 nafar xodimlari tomonidan, shuningdek, 2023-yil 4-iyun kuni Bo‘ka tumani IIBning 2 nafar xodimlari tomonidan sodir etilgan qiynoq oqibatida gumon qilinuvchilar vafot etgan. Ularning harakatlari Jinoyat kodeksining 235-moddasi bilan bir qatorda, 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan qo‘shimcha malakalangan.

Теги :
Jamiyat