$
 11899.09
1.19
€
 13298.42
-37.94
₽
 141.53
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyoda 1,2 milliard odam qashshoqlikda yashamoqda

qashshoq

Dunyoda kambag‘allikdan aziyat chekayotganlar soni yana ko‘paydi. Bir yilning o‘zida o‘ta qashshoqlikda yashovchilar 51,5 million kishiga oshib, ularning umumiy soni 1,2 milliardga yetdi. Ularning yarmidan ko‘pi bolalar. BMT 2010-yildan beri birinchi marta global kambag‘allik indeksi ko‘tarilganini ma’lum qildi.

BMT 16 yil ichida ilk bor bunday holatni qayd etdi

BMT Taraqqiyot dasturi 12-oktyabr kuni e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, global kambag‘allik indeksi 2010-yilda joriy etilganidan beri birinchi marta ko‘tarilgan.

BMT Taraqqiyot dasturi va Oksford kambag‘allik hamda inson taraqqiyoti tashabbusi tayyorlagan 2026-yilgi hisobotda o‘ta qashshoqlikda yashayotganlar soni 2025-yilga nisbatan 51,5 million kishiga oshgani qayd etilgan.

BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Aleksander De Kru bu holat butun dunyo uchun jiddiy ogohlantirish ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, 1,2 milliard odamning bir qismi ochlik, ta’lim olish imkoniyati yo‘qligi, toza suv va elektr energiyasi yetishmasligi kabi muammolar bilan yashamoqda. Bu qiyinchiliklar bir-biriga bog‘lanib, odamlarning ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.

Eng og‘ir ahvol bolalar va Afrika aholisida

Hisobotga ko‘ra, o‘ta og‘ir qashshoqlikda yashayotganlarning yarmidan ko‘pi bolalardir. Kambag‘al aholining katta qismi esa Sahroyi Kabirdan janubdagi Afrika davlatlari va aholisi eng zich joylashgan mintaqalardan biri — Janubiy Osiyoga to‘g‘ri keladi. Bu boradagi vaziyat 2025-yildagiga o‘xshashligicha qolgan.

BMT mutaxassislari kambag‘allikda yashayotganlar sonining ortishiga, asosan, aholi ko‘payishi sabab bo‘lganini bildirdi. Biroq hisobotdagi raqamlar barcha mamlakatlarning eng so‘nggi holatini aks ettirmaydi. Tadqiqotga 108 ta rivojlanayotgan davlat kiritilgan, lekin faqat 13 tasi bo‘yicha yangi ma’lumotlardan foydalanilgan.

Ayrim davlatlar kambag‘allikni ikki barobar kamaytirgan

Umumiy vaziyat yomonlashgan bo‘lsa-da, ayrim mamlakatlar kambag‘allikni kamaytirishga erishgan. So‘nggi 15 yil ichida 33 ta davlatda kambag‘allik darajasi ikki barobar pasaygan. Ularning oltitasi Afrikaning Sahroyi Kabirdan janubdagi hududida joylashgan. Eng tez natijaga erishganlar orasida Xitoy va Vyetnam ham bor.

Misr, Nepal va Tojikistonda ham kambag‘allik darajasi, ham kambag‘al odamlar soni sezilarli kamaygan.

Angola va Zambiyada esa boshqacha holat kuzatilgan. Bu davlatlarda kambag‘allik darajasi tushgan, ammo aholi tez ko‘paygani sabab kambag‘al odamlarning umumiy soni baribir oshgan.

BMT kambag‘allikni hisoblashda faqat odamlarning qancha pul topishiga qaramaydi. Uy-joy sharoiti, toza suv va sanitariya, elektr energiyasi, ovqat tayyorlash uchun yoqilg‘i, oziq-ovqat hamda ta’lim olish imkoniyati ham hisobga olinadi.

Теги :
Jamiyat