$
 12169.41
36.93
 14359.90
-0.1
 158.95
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Davlat qarzi 47 mlrd dollarga yetdi

qarz

O‘zbekiston davlat qarzi bir yilda 6,6 milliard dollarga ko‘paydi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi jami kreditlar miqdori, qarzlar kimlardan olingani hamda qaysi sohalarga sarflanganini ochiqladi

Qarz bir yilda qanchaga koʻpaydi?

2025-yil yakunida O‘zbekiston davlat qarzi 46,85 milliard dollardan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yil mos davrida 40,2 milliard dollar edi. Yillik o‘sish — 6,65 milliard dollar.

Kreditlarning 39,8 milliard dollari (85 foizi) tashqi, 7 milliard dollari (15 foizi) ichki qarz hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bunda tashqi qarz ulushi bir yil davomida 6,1 milliard dollarga ko‘paygan. Umumiy qarzlarning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 31,9 foizni tashkil etgan.

Kim koʻproq qarz beryapti?

O‘zbekistonga tashqi qarzlarning 22,3 dollari yoki 56 foizi xalqaro moliya institutlari tomonidan berilgan. Ular orasida Jahon banki eng ko‘p kredit ajratgan — 8,95 milliard dollar. Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot banki (8,35 milliard dollar) yirik qarz beruvchilardan bo‘lgan.

Tashqi qarzning 11,66 milliard dollarini (29 foiz) xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari bergan. Eng yirik kreditlar Xitoy taraqqiyot davlat banki va Eksimbanki tomonidan ajratilgan. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ham deyarli uch milliard dollar qarz bergan. Shuningdek, xalqaro obligatsiyalar chiqarish evaziga xorijiy investorlardan 5,9 milliard dollar qarz jalb qilingan.

Pullar nimalarga sarflangan?

Vazirlik bergan maʼlumotga ko‘ra, tashqi qarzning teng yarmi — 19,83 milliard dollar byudjet taqchilligini yopishga sarflangan. Yaʼni byudjet xarajatlari daromadlardan ko‘payib ketishi oqibatida kredit olishga to‘g‘ri kelgan. Qolgani turli sohalarga yo‘naltirilgan. Masalan, 5,6 milliard dollar miqdordagi mablag‘lar yonilg‘i-energetika sanoatiga sarflangan.

Transport va transport infratuzilmasiga uch milliard dollar, qishloq va suv xo‘jaligiga 3,3 milliard dollar ishlatilgan. Yana uy-joy kommunal xo‘jaligiga 3,2 milliard dollar ajratilgan.

Sog‘liqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa sektorlarga 3,5 milliard dollar yo‘naltirilgan. Kimyo sanoatiga 662 million dollar, tadbirkorlik faoliyati va sanoat ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga 612 million dollar ketgan.

Yana 5 milliard qarz olish mumkin

Maʼlumot uchun, byudjet qonunida 2026-yil uchun yana 5 milliard dollargacha davlat tashqi qarzi olinishi belgilangan. Shundan yarmi byudjet taqchilligini yopishga, qolgani investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga sarflanadi. 

Joriy yilda byudjetdan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlari uchun 24 trillion so‘m (kamida 2 milliard dollar atrofida) ajratilishi belgilangan.

Теги :
Iqtisodiyot