Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +9°

2024-yil 16-avgustning eng muhim voqealari dayjesti

Okrug saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi, Oliy sud tarkibiga o‘zgartirish kiritildi, ilk bor nemis tili universiteti tashkil etiladi, kurash federatsiyasi raisi — kunning eng muhim xabarlari.

2 daqiqa o‘qiladi

2024-yil 16-avgustning eng muhim voqealari dayjesti

Okrug saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi

Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksining 21-moddasiga ko‘ra, okrug saylov komissiyasi tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning olti-sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuziladi.

Oliy sud tarkibiga o‘zgartirish kiritildi

Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasi va Oliy Majlis Senatining tegishli qaroriga asosan Oybek A’zamjonovich Barakabayev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimidan ozod etildi. 

O‘zbekistonda ilk bor nemis tili universiteti tashkil etiladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer bilan uchrashdi.

Tomonlar o‘rtasida muhandis-texnika mutaxassislarini tayyorlashda o‘zaro ta’lim dasturlarini joriy qilish, Germaniya Federativ Respublikasidan tajribali olimlarni O‘zbekistonga taklif qilish, dolzarb global muammolar yechimiga qaratilgan o‘zaro ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish kabi masalalar muhokama etildi.  

Nig‘matilla Yo‘ldoshev yangi muddatga O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi etib saylandi

Sport vazirligida O‘zbekiston kurash federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi tashkil etildi.

Konferensiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev delegatlarning ovoz berishi natijasida yangi besh yillik muddatga mamlakat kurash federatsiyasi raisligiga qayta saylandi.