$
 12640.21
-49.76
 13559.15
1.19
 137.02
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 29-mart eng muhim voqealari dayjesti

3 29

Ekilganning o‘sishini unutmaslik zarur

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasida bahorgi ekish mavsumini tashkil qilish hamda chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda vazirlar va hokimlar tizim tashkilotlari tomonidan ekilgan ko‘chatlarning unib-o‘sishi va to‘g‘ri parvarish qilinishiga alohida e’tibor berishi lozimligi ta’kidlandi.

Yana bir muhim masala – so‘nggi vaqtlarda daryolar, tabiiy suv havzalarida elektr bilan baliq ovlash ko‘payib ketayotganiga e’tibor qaratildi. Bu yilning o‘zida 39 ta holatda elektr bilan, 436 ta to‘r bilan noqonuniy baliq ovlash aniqlangan.

Yangi uy-joy siyosati va tarixda ilk marotaba 100 mingta uy-joy qurilishi

Oldin odamlarning uy-joy olishi uchun 10-20 yillab umri ketgan. Shu yillar ichida ham uy ololmaganlar qancha?

2017-yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy foydalanishga topshirilgan. Bu davrda uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi aholi jon boshiga 18 foizga oshdi. Oxirgi uch yilda 210 ming oilaga 33 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi, ehtiyojmand 73 ming oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari uchun 1,3 trillion so‘m subsidiya berildi.  

2024 yilgi ipoteka dasturida o'zgarishlar sodir bo'lib, endilikda garovga olinadigan uy-joylarni sug‘urtalash talabi bekor qilinadi. Bu orqali odamlarning kamida 5 million so‘mlik harajati tejaladi. Natijada ipoteka krediti rasmiylashtirish tezlashadi.  

Joriy yilda tarixda ilk marotaba 100 mingta uy-joy quriladi. 1-iyulga qadar 20 mingta xonadon, 1-oktyabrgacha yana 44 mingta xonadon foydalanishga topshiriladi. Shu yilning so‘ngiga qadar bu raqam 100 mingtani tashkil etadi.

Birinchi raunddayoq nokaut

Bugun, 29-mart erta tongda AQSHning Michigan shtati Detroyt shahrida tashkil etilgan boks oqshomida hamyurtimiz Shohjahon Ergashev navbatdagi jangini o‘tkazdi.

Eng yengil vazn toifasida chempionlikka da’vogar bokschimiz Shohjahon Ergashev, panamalik Xuan Xuyertas bilan jang qildi.

10 raundga mo‘ljallangan jang 1-raunddayoq yakuniga yetdi. Shohjahon 2012 yilgi London Olimpiadasi ishtirokchisini ilk raunddayoq nokautga uchratdi. Shu tariqa Ergashev professional boksda navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.  

Norinda banan yetishtirishmoqda

Limonchilik bilan mashhur bo'lgan Namangan viloyati Norin tumani omilkorlari endilikda banan yetishtirishga ham jiddiy yondashmoqdalar.

Norin tumanidagi 57 ta mahalla tomorqa qo‘shimcha daromad manbai ekanini yaxshi anglagan holda alohida e’tibor qaratmoqdalar.

- Banan ko‘chatlarini yerga qadagach, yarim yildan keyin sekin-asta mevalari yetila boshlaydi. Bahor, yoz oylarida havo harorati isishi tufayli hosil mo‘l va barakali bo‘ladi. Bitta banan daraxti 23-24 kilogacha, donaga hisoblasa, 300-350 tagacha meva berishi mumkin. Mahsulotning xaridorgirligi hisobga olinsa, uning savdosidan kelayotgan daromad ham salmoqlidir, – deydi xo‘jalik rahbarlaridan biri Muzaffar Mo‘minov.