$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil 16-noyabrning eng muhim voqealari dayjesti

16.11.

“Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari tashkil etiladi

“Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jismoniy tarbiya fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-392-son, 15.11.2024) qabul qilindi

Qaror bilan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga malaka toifasi berishning yangi tartibi ishlab chiqiladi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil:

1-martga qadar boshlang‘ich, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari yosh toifasi bo‘yicha harakatli o‘yinlar, olimpiya va ommaviy sport turlariga ustuvorlik berish orqali sport turlari ro‘yxati shakllantiriladi;

1-iyunga qadar maktab o‘quvchilarining sport musobaqalaridagi ishtiroki, maktab sport klublarining faoliyati, o‘quvchilarni sportga qamrab olinganlik darajasini aniqlash yuzasidan reyting tizimi ishlab chiqiladi;

1 mayga qadar maktab sport klublari a’zolari uchun Zomin tumani “Lochin” dam olish maskanida o‘quvchilarni sport musobaqalariga tayyorlash bazasi tashkil etaladi;

1-iyulga qadar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash bo‘yicha milliy baholash tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi. 

2025/2026-o‘quv yilidan boshlab:

5–11-sinflar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari uchun o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqiladi;

har bir maktabda bosqichma-bosqich maktab sport klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;

har yili an’anaviy tarzda maktablar o‘quvchilari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari tashkil etiladi.

Musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun milliy baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi

“Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-391-son, 15.11.2024) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, musiqa madaniyati fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash bo‘yicha milliy baholash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2025-yil 1-martdan boshlab musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun nazariya va amaliyot uyg‘unlashtirilgan holda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab:

bolalar musiqa va san’at maktablarining belgilangan o‘quv dasturlarini to‘liq yakunlagan, umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lganlarga “Barkamol avlod” bolalar maktablarida to‘garak rahbari sifatida ishlashi;

madaniyat va san’at yo‘nalishidagi OTMlarida psixologiya va pedagogika fanlarini o‘rgangan musiqa yo‘nalishi bitiruvchilariga maktablarda musiqa madaniyati fanini o‘qitishi mumkin.

2025/2026-o‘quv yiliga qadar musiqa madaniyati fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash bo‘yicha milliy baholash tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

2025/2026-o‘quv yilidan boshlab madaniyat yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan OTMlarda psixologiya va pedagogika fanlarini o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2025-yil 1-apreldan boshlab:

maktablarda “Iqtidor” badiiy havaskorlik jamoalari tashkil etiladi;

jamoalar o‘rtasida “Iqtidor maktab ansambli” respublika tanlovi o‘tkaziladi.

Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi.

Nemis tilini o‘qitish kuchaytiriladi

Migratsiya agentligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi O‘zbekistondagi Germaniya tadbirkorlik markazi (DUWK) hamda “Kasbiy ta’lim va xorijiy tillarni rivojlantirish” nodavlat ta’lim muassasasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda “Nemis tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish markazi”ni hamkorlikda tashkil qilish va ushbu markazga Germaniyada malaka oshirib qaytgan o‘qituvchilarni jalb qilib, malakali mutaxassislarni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

Migratsiya agentligi, “Kasbiy ta’lim va xorijiy tillarni rivojlantirish” nodavlat ta’lim muassasasi va “Askania Future” kompaniyasi o‘rtasida uch tomonlama memorandum imzolashga ham kelishib olindi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekistondagi Germaniya tadbirkorlik markazi hamda Germaniyaning Saksoniya-Anxalt federal o‘lkasi va “Askania Future” kompaniyasi hamkorligida nemis tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra 168 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis Germaniyada xalqaro standartlar darajasida qayta tayyorlanib, kasbiy malakalarini oshirishi reja qilingan. Birinchi bosqichda 27 nafar mutaxassis Germaniyada 8 haftalik malaka oshirish kurslarida o‘qib qaytdi. Ayni kunlarda ham 27 nafar nemis tili o‘qituvchilari Germaniyada o‘z malakalarini oshirmoqda.

Yurt bo‘ylab kezib yurgan 100 metrlik davlat bayrog‘i

18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan butun yurtimiz bo‘ylab madaniy tadbirlar, aksiya va fleshmoblar o‘tkazilyapti. Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya hamkorligida o‘ziga xos loyiha amalga oshirilmoqda. Gap shundaki, rekord darajadagi 100 metrlik davlat bayrog‘i yurtimiz bo‘ylab kezib, barchaga g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda.

Xorazmdan Toshkent tomon yo‘lga chiqqan bayrog‘imiz jasur harbiylar, shijoatli yoshlar, vatanparvar yurtdoshlarimiz tomonidan dastlab Ichan-qal’adan yo‘lga tushib, Buxoroning Ark qal’asidan olib o‘tildi. Endi ulkan bayrog‘imiz Samarqandga yetib keladi. 18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kuni esa poytaxtimizga yetkazib kelinadi.

Bu kabi o‘ziga xos loyihadan maqsad – yurtdoshlarimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida ona yurtga, davlat ramzlariga, xususan, bayrog‘imizga nisbatan hurmat va daxldorlik hissini uyg‘otishdan iborat. Yurtdoshlarimizda milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirishda, millatning o‘tmishi, buguni va ertasidan faxrlanish hissini uyg‘otishda bu kabi loyihalar alohida ahamiyatga ega.