$
 12900.00
-20.16
 14595.06
-86.12
 157.32
-1.29
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Ilm-fan bozori: O‘zbekistonda bitta dissertatsiya yozdirish narxi $3 000 – $5 000 atrofida

phd struggles

O‘zbekistonda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida tub o‘zgarishlar qilishga qaratilgan islohotlar 2017-yildan beri amalga oshirib kelinmoqda. Hukumatning asosiy maqsadi oliy ta’lim muassasalarini ilmiy izlanish markazlariga aylantirish, doktorantura tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuvni jadallashtirish bolgan. Biroq islohotlar kutilgan natijalarni bermayapti, aksincha, sohadagi korrupsiya va g‘ayriaxloqiy amaliyotlar kengayib bormoqda.

O‘zbekistonda ilmiy daraja qanday olinadi?

Higher Education Policy jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ilmiy daraja olish jarayonida korrupsiya va akademik noxolislik keng tarqalgan. Tadqiqot 38 nafar respondent bilan o‘tkazilgan bo‘lib, ular ta’lim siyosatshunoslari, oliy ta’lim ekspertlari, universitet rahbarlari, ilmiy rahbarlar, yangi PhD olgan akademiklar va doktorantlardan iborat bolgan.

Tadqiqotdagi asosiy xulosalar quyidagicha:

• O‘zbekistonda bitta dissertatsiya yozib berish narxi 3 000-5 000 AQSh dollari atrofida.

• Ilmiy maqolalarni “qaroqchi” jurnallarda chop etish keng tarqalgan.

• Akademik darajalar ko‘pincha tanish-bilishchilik yoki moliyaviy imkoniyatlar orqali olinadi.

• 2017-yildan keyin akademik noxolislik va korrupsiya holatlari keskin oshgan.

• Doktorantlar va ilmiy rahbarlarning aksariyati zamonaviy tadqiqot metodologiyasidan yetarlicha xabardor emas.

• Ilmiy kadrlar tayyorlash jarayoni global ilmiy maydonga integratsiyalashishdan yiroq.

• 2022-yilda ilmiy tadqiqotlarga ajratilgan mablag‘ YIMning atigi 0,16 foizini tashkil qilgan bo‘lib, bu sobiq SSR davlatlari ichida eng past ko‘rsatkichlardan biri.

2017-yildan keyingi davr

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng oliy ta’lim tizimi asosan sobiq Sovet modelida qolib ketdi. Karimov davrida avtoritar boshqaruv uslubi akademik sohaning xalqaro hamjamiyatga integratsiyasiga jiddiy to‘sqinlik qildi. Islohotlar faqat 2017-yilda Prezident Mirziyoyev tomonidan taqdim etilgan ta’lim strategiyasi asosida jadallashdi.

2017-yildagi asosiy islohotlar:

• Ilmiy kadrlar tayyorlashning ikki bosqichli tizimi tiklandi – PhD darajalarining sobiq Sovet davridagi CSc va DSc ekvivalentlari sifatida qayta joriy etildi.

• Doktorantlar uchun xalqaro indekslangan jurnallarda maqolalar chop etish majburiyati joriy etildi.

• Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirilishi kuchaytirildi.

• Ilmiy xodimlarning maoshi oshirildi – PhD egalari uchun 30%, DSc egalari uchun esa 60% ustama belgilandi.

• Doktorantlar uchun stipendiyalar oshirildi – PhD va DSc talabalari o‘qish davomida professor-o‘qituvchilar maoshiga teng stipendiya olishi belgilandi.

Biroq bu islohotlar O‘zbekistonda ilmiy darajalar olish jarayonining sifati va shaffofligini yaxshilashga yetarli bo‘lmadi.

Sovet davridan qolgan “eski gvardiya” va korrupsiya mexanizmlari

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ilmiy hamjamiyat hali ham Sovet ta’lim modelidan to‘liq uzilmagan. 2012-yildagi islohotlardan keyin “eski gvardiya” deb ataluvchi, Sovet davridagi PHD darajasiga ega olimlar yangi tizimga qarshi chiqqan. Ularning ta’kidlashicha, yangi PhD tizimi ilmiy darajalar o‘rtasidagi akademik farqni yo‘q qilgan va ularning nufuzini pasaytirgan.

Boshqa tomondan, yosh akademiklar bunga qarshi chiqib, “eski gvardiya”ning qarshilik ko‘rsatishi moliyaviy manfaatlar bilan bog‘liq ekanligini aytishgan. Chunki doktorantura tizimining markazlashganligi va rasmiy byurokratik talablar ta’lim tizimida ijaraviy (rent-seeking) mexanizmlarni kuchaytirgan. Ya’ni, ilmiy darajalar tanish-bilish orqali va moliyaviy imkoniyatlar yordamida olinayotganiga sabab bo‘lgan.

Bugungi kunda doktorantura tizimidagi asosiy muammolar qaysi?

• Ko‘plab PhD va DSc dissertatsiyalari “ghostwriting”, ya’ni ikkinchi shaxs tomonidan yozib berilmoqda.

• Tadqiqotchilarning taxminicha, O‘zbekistonda PhD dissertatsiyalarining 50% dan ortig‘i noqonuniy yo‘llar bilan tayyorlanadi.

• Xalqaro indekslangan jurnallarga chop etish majburiyati “qaroqchi jurnallar” sanoatini rivojlantirmoqda.

• Beall (2015) ta’rifiga ko‘ra, “qaroqchi jurnallar” taqriz jarayonini soxtalashtirib, sifatsiz ilmiy ishlarga yo‘l ochib beryapti.

• 2017-yildan beri O‘zbekiston olimlari tomonidan nashr qilingan maqolalarning katta qismi shubhali jurnallarda chop etilgan.

• O‘zbekistondagi universitetlarning faqat ayrimlari xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalariga obuna bo‘lish imkoniyatiga ega.

• Doktorantlar va ilmiy rahbarlar zamonaviy tadqiqot metodlarini yetarlicha o‘rganish imkoniga ega emas.

• O‘zbekistonda doktorantlar o‘zining ilmiy maqolalarini mustaqil chop eta olish darajasiga yetishmayapti.

Ilmiy taraqqiyot yo‘lida islohotlar yetarlimi?

Hukumat doktorantura tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashish yo‘lida qator chora-tadbirlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, muammolar hali ham saqlanib qolmoqda. Mavjud tizim doktorantlardan ilmiy maqolalar chop etishni talab qiladi, ammo ularga bu jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun yetarli resurs va treninglar taqdim etilmaydi. Ilmiy dissertatsiyalarni tayyorlash va maqolalarni chop etish jarayoni korrupsiyalashgan bo‘lib qolmoqda.Doktorantura tizimining markazlashganligi akademik mustaqillik va sifatni pasaytirgan. O‘zbekistondagi ilmiy kadrlar tayyorlashning “ilmiy rahbar - shogird” modeli bilim, ko‘nikmalar va kompetensiyalarni yetkazish imkoniyatlarini cheklamoqda, doktorantlarga biriktiriladigan ilmiy rahbarlarining o‘zlari ham o‘z sohalaridagi ilmiy yangiliklardan va zamonaviy ilmiy tadqiqot metodlaridan xabardor emas. 

Ilmiy darajalar berishning markazlashgan tizimi hamda OAKning maqolalar soni va ilmiy ishning joriy qilinganligi singari rasmiy talablari ilmiy ish sifatini ta’minlashni qiyinlashtiradi. 

Tadqiqot mualliflari bilan suhbatlashganlarning fikriga ko‘ra, nafaqat doktorantura, balki bakalavriat va magistratura ham islohotga muhtoj: ularda tanqidiy fikrlash va tadqiqotlar olib borish bo‘yicha bazaviy ko‘nikmalar o‘rgatilmaydi. 

Iste’dodli yosh olimlarning xorijga chiqib ketishi muammosi qanchalik dolzarb?

Ilmiy kadrlarning xorijga chiqib ketishi (brain drain) – O‘zbekistondagi ta’lim va ilmiy tadqiqot tizimi uchun eng katta muammolardan biridir. Malumotlarga ko‘ra, ko‘plab yosh olimlar yaxshi sharoit yo‘qligi sababli xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lmoqda:

“Ko‘plab yosh akademiklar ilmiy faoliyatni davom ettirish uchun xorijiy universitet va ilmiy markazlarga borishga intilmoqda, chunki O‘zbekistonda ular uchun sharoitlar yetarli emas.”

Mamlakarda ilmiy darajalarni olishning korrupsiyalashgani sababli haqiqiy iste’dodlar yetarlicha rag‘batlantirilmaydi. Buning ustiga, ilmiy almashinuv dasturlari juda kam. Hukumat bu borada xalqaro ilmiy grantlarni jalb qilish, ilmiy kadrlarning xorijda o‘qib kelib, mamlakatda ishlash sharoitlarini yaxshilash, ilmiy faoliyatga investitsiyalarni oshirish va stipendiyalarni kuchaytirish kabi choralarni ko‘rishi zarur, deyiladi tadqiqotda. 

Теги :
Jamiyat