O'zbekistonda avgust oyi uchun 4 million nafardan ortiq pensionerlarga pensiya to'lab berildi
Yozning so'nggi oyida pensiya to‘lovlarini naqdsiz shaklda oluvchilarga mablag‘lar to‘liq moliyalashtirildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Respublikada avgust oyi uchun 4 million nafardan ortiq pensionerlarga pensiya, 688,5 ming kishiga ijtimoiy nafaqa mablag‘lari to‘lab berildi.
Naqd puldagi nafaqalar Xalq bankining sayyor kassalari orqali yetkaziladi
Ma'lum qilinishicha, 2024-yil avgust oyida pensiya to‘lovlarini naqdsiz shaklda oluvchilarga mablag‘lar to‘liq moliyalashtirildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.
To‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4 million nafardan ortiq pensiya oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar tijorat banklariga o‘tkazilgan. Pensiya to‘lovlarini naqd pulsiz shaklda, yaʼni bank plastik kartalari orqali oluvchi 3,1 million nafar (yoki jami oluvchilarning 78 foizi) fuqarolarga pullar to‘liq o‘tkazilgan.
“Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq pensiya pullarini naqd shaklda oluvchilarga joriy oy to‘lovlari tasdiqlangan grafiklarga asosan Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan yetkazib berilishini maʼlum qilamiz”, deyilmoqda xabarda.
Nogironlik nafaqasini oluvchilar boshqa turdagi nafaqa oluvchilarga nisbatan ko'p
Lekin avgust oyi uchun jamg‘arma va davlat byudjeti hisobidan qancha miqdorda pensiya pullari to‘lab berilgani to‘g‘risida maʼlumot taqdim etilmagan.
Avgust oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 688,5 ming nafar nafaqa oluvchilar mablag‘lari tijorat banklariga moliyalashtirilib berilgan.
Agentlikning xabar berishicha, nogironlik nafaqasini oluvchilar soni boshqa turdagi nafaqalardan ko‘p bo‘lgan — 305,8 ming nafar.
O‘z navbatida 168,9 ming kishi bolalikdan nogironlik, 80,2 ming kishi yoshga doir, 73,4 ming odam parvarishlash nafaqalarini olgan. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini oluvchilar soni esa 53,1 ming nafarni tashkil etmoqda.
“Nafaqa to‘lovlarini naqd pulsiz shaklda oluvchi 489 ming nafar (yoki jami oluvchilarning 69,5 foizi) fuqarolarning bank plastik kartalariga mablag‘lar to‘liq yuklab berilishi taʼminlandi”, deyiladi agentlik xabarida.
Pensiya uchun davlat byudjetidan 16 trln so'm ajratilgan
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqalar uchun jami 7,7 trillion so‘m to‘lab berilgan. Shundan 55,5 foizi bolalar nafaqasi va moddiy yordam, 40,2 foizi ijtimoiy nafaqalar uchun (yoshga doir, nogironlik, 18 yoshgacha nogironlik, parvarishlash va boquvchisini yo‘qotganlik) ajratilgan.
Eslatib o'tamiz, 2024-yilda Pensiya jamg‘armasiga davlat byudjetidan 16 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga esa byudjetdan 20,1 trillion so‘m ajratilishi belgilangan.
Shundan 10,3 trillion so‘mi kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamga, 3,7 trillion so‘mi nogironligi bo‘lgan bolalarga nafaqalarni to‘lash uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan.



