Kelajakka investitsiya: O‘zbekistonda ko‘proq pensiya olish uchun nimalar qilish kerak?
Hozirda aksariyat odamlar o‘z kelajagiga e’tiborsiz qarab, pensiya yoshiga yetganda afsuslanib qolyapti. Pensiya jamg‘armasi fuqarolarga bu borada tavsiyalar berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya jamg‘armasi fuqarolarga pensiyani rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Ish staji yetishmaydi, oylik maosh esa kam
Jamg‘arma hozirda aksariyat odamlar o‘z kelajagiga e’tiborsiz qarab, pensiya yoshiga yetganda afsuslanib qolayotganini ma’lum qildi. Buning asosiy sababi ish stajini yetishmasligi, oylik maosh miqdorining kamligi bilan izohlanadi.
Bundan tashqari, jamg‘arma fuqarolar o‘zi uchun qulay va moliyaviy barqaror keksalikni ta’minlashda imkon qadar erta harakat boshlash lozimligini aytib o‘tdi.
Pensiyani rejalashtirish nega muhim?
“Pensiyani rejalashtirish moliyaviy rejalashtirishning asosiy jihati hisoblanadi. Bu fuqarolarga nafaqat keksalikda moliyaviy yordam beradi, balki kelajakka ishonch bag‘ishlaydi”, deyiladi manba izohida.
Qanday qilib pensiyani samarali rejalashtirish mumkin?
Jamg‘armaga ko‘ra, pensiyani samarali rejalashtirishning bir qator usullari mavjud.
Birinchidan, fuqarolar doimiy ish stajiga ega bo‘lish uchun rasmiy daromad keltiradigan korxona, tashkilot yoki muassasalarida mehnat shartnomasiga asosan faoliyat yuritishi kerak.
Ikkinchidan, norasmiy ravishda mehnat faoliyati yuritayotgan fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilgan holda muntazam ravishda ijtimoiy soliqlarni to‘lash orqali ish stajiga ega bo‘lib borishi lozim.
Uchinchidan, pensiya qonunchiligiga oid ma’lumotlar bilan muntazam ravishda xabardor bo‘lish zarur.
Ish haqi va ish stajining ahamiyati qanday?
To‘rtinchidan, rasmiy olayotgan ish haqiga e’tibor qaratish kerak. Bunda, pensiya yoshiga yetgunga qadar oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi oylik ish haqlaridan pensiya hisoblanishini inobatga olish muhim.
Beshinchidan, fuqarolar ish beruvchilaridan o‘z ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarini raqamlashtirishni talab qilishlari, mehnat faoliyati yuritmayotgan fuqarolar esa Bandlik bo‘limlariga mehnat daftarchalaridagi ma’lumotlarini raqamlashtirishni so‘rab murojaat qilishlari lozim. Shunda o‘z ma’lumotlarini One-ID orqali ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Fuqarolar shunday tartibda mehnat faoliyatini olib borsa, ular pensiya yoshiga yetganda, qilgan mehnati evaziga davlat tomonidan moliyaviy ta’minot kafolatlanadi.
Qo‘shimcha investitsiya imkoniyatlaridan foydalanish
Bundan tashqari, fuqarolar nafaqa davrida qo‘shimcha daromad manbalarini ta’minlash uchun fuqarolar hozirdanoq investitsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganishlari ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Masalan, ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish, aksiyalar va obligatsiyalar sotib olish yoki uzoq muddatli omonat hisobvaraqlarini ochish kabi amaliyotlar shular jumlasidandir. Bunday sarmoyalar keksalikda qo‘shimcha moliyaviy xavfsizlikni ta’minlashda yordam beradi.



