Murakkablikdan raqobatbardoshlikka: Oʻzbekistonda PCI yildan-yilga yaxshilanmoqda
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2017-2023 yillar oralig‘ida eksport qilingan mahsulotlarning murakkablik darajasi o‘rganildi.
3 daqiqa o‘qiladi

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2017-2023 yillar oralig‘ida eksport qilingan mahsulotlarning murakkablik darajasi o‘rganildi.
Mahsulotning murakkablik indeksi
Mahsulotlarning murakkablik darajasini hisoblashda Garvard universitetining Kennedy maktabi ilmiy laboratoriyasi (Harvard Kennedy School Growth Lab) tomonidan ishlab chiqilgan Mahsulotning murakkablik indeksi (Product Complexity Index - PCI) dan foydalanildi. Ushbu indeks mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan bilimlar darajasi, qo‘llaniladigan texnologiyalar va jarayonlarning murakkablik darajasini baholaydi.
Yuqori va past indeks qiymati
Yuqori indeks qiymatiga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zamonaviy bilim, ko‘nikma va texnologiyalar talab qilinadi. Bunga elektronika qurilmalari, maxsus texnika va kimyoviy mahsulotlar misol bo‘la oladi.
Oddiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqish esa nisbatan pastroq indeks qiymatiga ega.
Eksportning yillik o‘sish sur’ati 26,5 foiz
Oʻzbekistonda 2017-yilda jami 12,55 mlrd. AQSh dollariga teng mahsulot va xizmatlar eksport qilingan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,95 marotaba ortdi va 24,43 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘ldi. 2023-yilda eksportning yillik o‘sish sur’ati 26,5 foizni tashkil qildi.
2017-2023 yillar oralig‘ida oltin (33,38 foiz), transport va pochta xizmatlari (9,15 foiz), sayyohlik xizmatlari (8,77 foiz) va paxta ipi (4,87 foiz) eksport tarkibida eng yuqori ulushga ega mahsulotlar bo‘ldi.
Eksport qilinayotgan mahsulotlarning murakkablik darajasi
Eksport qilinayotgan mahsulotlarning murakkablik darajasi (PCI) yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. PCI ko‘rsatkichlari 2017-2023 yillar oralig‘ida 23,9 foizga o‘sdi va 2017-yildagi -1,57 dan 2023-yilda -1,2 foiz gacha ko‘tarildi. Pandemiya sababli 2019-2020 yillarda eng past PCI ko‘rsatkichi qayd etildi (mos ravishda -1,79 va -1,76). Mamlakatimiz eksporti tarkibida ishlab chiqarish nisbatan osonroq bo‘lgan mahsulotlarning (oltin, paxta, neft gazlari, tozalangan mis va sabzavotlar kabi eng kam ishlov berishni talab etadigan mahsulotlar) ulushi yuqori darajada saqlanib turganligi sababli PCI ko‘rsatkichlari pastligicha qolmoqda.
PCI ning ortishiga sabab bo‘layotgan mahsulotlar
PCI ning ortishiga sabab bo‘layotgan mahsulotlar qatorida avtotransport vositalari uchun korpuslar (kabinalar), ichki yonuv dvigatellari, mis quvurlar va telefon apparatlari kabi chuqur qayta ishlashni talab qiluvchi mahsulotlar eng yuqori o‘rinlarni egallab turibdi.
Mineral moddalar (2017-yilda 15,4% va 2023-yilda 4,1%), kimyoviy mahsulotlar (3,9% va 4,1%), to‘qimachilik tovarlari (14,1% va 13%), rangli metallar (8,2% va 6,6%), mashina va uskunalar (1,4% va 2,9%) PCIning o‘sishiga katta hissa qo‘shayotgan kategoriyalar bo‘lib turibdi.
PCIning pasayishiga sabab bo‘layotgan kategoriyalar
Aksincha, PCIning pasayishiga sabab bo‘layotgan kategoriyalarga qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, qimmatbaho metallar hamda plastmassa va kauchuk kiradi. 2023-yilda ushbu mahsulotlarning umumiy eksportdagi ulushi mos ravishda 34,1 foizni va 1,6 foizni tashkil etgan.
To‘qimachilik mahsulotlari kategoriyasi
To‘qimachilik mahsulotlari kategoriyasida paxta xomashyosi eksporti 2019-yilda 281,6 mln. AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 70 ming AQSH dollarigacha kamaydi. Shu bilan birga, paxta ipi eksporti 2017-2023 yillar oralig‘ida 428,1 mln. AQSH dollardan 1,2 mlrd. AQSH dollargacha, ya’ni 2,8 barobar oshdi.
Futbolka va sviterlar eksporti esa 2017-yilga nisbatan 4,5 barobar oshib, 2023-yilda 309,3 mln. AQSH dollarga yetdi. Bu esa to‘qimachilik sohasida xomashyo eksportidan voz kechib, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ekportiga urg‘u berilayotganidan dalolat beradi.
Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lish
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lishi bilan eksport tarkibidagi murakkab mahsulotlar ulushining oshishi mamlakatning raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi. Shu bilan birga, bu jarayon uzluksiz texnologik rivojlanish, ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi va malakali ishchi kuchining rivojlanishini talab qiladi.



