$
 12681.79
-18.31
 14023.52
-91.37
 140.11
-1.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Voyaga yetmagan bolalarni paxta terimida ishlatish taqiqlandi

Paxta terimi

Turkmanistonda voyaga yetmagan bolaning paxta terimida foydalanishini taqiqlovchi buyruq kuchga kirdi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri buyrug‘iga tayanib, “Turkmen.news” xabar beradi.

Hujjat mazmuni

Ushbu hujjatga ko‘ra, o‘smirlar uchun taqiqlangan kasblar qatoriga “paxta terimchisi” ham qo‘shilgan. 2018-yilda tasdiqlangan ro‘yxatga o‘zgartirishlar kiritilgan. Yangi buyruq Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Turkmaniston dunyodagi eng yirik paxta yetishtiruvchi o‘nta davlatdan biridir. “Business Turkmenistan” nashrining qayd etishicha, mamlakatda paxta eksporti umumiy mahsulot eksporti hajmining 15 foizini tashkil etadi va respublika yalpi ichki mahsulotiga salmoqli hissa qo‘shadi. 2018-yilda Qo‘shma Shtatlar Turkmanistondan paxta va uning tarkibidagi mahsulotlarni import qilishni taqiqlagan edi. Ushbu qarorga sabab sifatida Qo‘shma Shtatlarga mehnat qonunchiligini buzgan holda va “qul yoki bolalar mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar”ni olib kirishni taqiqlovchi qonun ko‘rsatilgan.

Turkmaniston hukumati va XMT o‘rtasidagi “yo‘l xaritasi”

Turkmaniston hukumati va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) o‘rtasidagi 2024—2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan ustuvor chora-tadbirlardan biri voyaga yetmaganlarning paxta terimida mehnatini oldini olish bo‘ldi. Xalqaro mehnat tashkiloti veb-saytidagi xabarda Turkmaniston vakillari 2024-yilning mart oyida O‘zbekistonga kelib, mamlakat paxta sohasida bolalar va majburiy mehnatga barham berish tajribasini o‘rganishgani qayd etilgan.

“Qora tarix”

Qiziqarlisi, 2010-yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonda ham ishlab chiqarilgan paxtani sotib olishni taqiqlagan edi. 2017-yil sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasidagi umumiy siyosiy muhokamada so‘zlagan nutqida XMT bilan hamkorlikda bolalar va majburiy mehnatga barham berish choralari ko‘rilganini aytgan. 2019-yil 25-mart kuni AQSh Mehnat departamenti o‘zbek paxtasini sotib olishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qiladi. 2022-yil 1-mart kuni XMT matbuot xizmati O‘zbekistonda paxta terimi bolalar va majburiy mehnatsiz olib borilayotgani haqida xabar bergan.

Теги :
Жамият