Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +18° kechasi +9°

Ov mavsumi boshlangan: ovchining majburiyatlari nimalardan iborat?

Ayni damda ov mavsumiga davom etmoqda. Bunda ov qilish qonun-qoidalarini bilish muhimdir.

4 daqiqa o‘qiladi

Ov mavsumi boshlangan: ovchining majburiyatlari nimalardan iborat?

Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq har yili 28-fevraldan 15-avgustgacha ov qilishga taqiq qo‘yiladi.

Ovchining majburiyatlari

Ovchining majburiyatlari quyidagilardan iborat:

— ov qilish chog‘ida ovchilik guvohnomasini, ov qurolini saqlash va olib yurishga doir ruxsatnomani, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomaniyoki ovchilik yo‘llanmasini (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasini) yonida olib yurish;

— ovchilik xo‘jaligining va ov qilishga ruxsat etiladigan hududning chegaralarini aniq bilish;

— ov qilishga ruxsat etiladigan hududdan tashqarida ov qilmaslik;

— yovvoyi hayvonlarni tutish normalariga va ov qilish muddatlariga rioya etish, ov qilishni yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomada ko‘rsatilgan joylarda amalga oshirish;

— ov qilishni boshlash oldidan ovchilik yo‘llanmasida (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasida) ov qilish boshlangan sana to‘g‘risidagi ustunni to‘ldirish;

— ov tugagach, ovchilik xo‘jaligidan yoki ov qilish joylaridan chiqib ketishdan oldin yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomada tutilgan yovvoyi hayvonlar haqida belgilar qo‘yish;

— ov tugagach, ovchilik yo‘llanmasini (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasini) ov natijalari to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda, o‘n kundan kechiktirmay qaytarish;

— yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish;

— maishiy chiqindilarni to‘xtash joyidan yig‘ishtirib olish va to‘plash joylariga olib chiqish;

— halqalar, mikrochiplar, yorliqchalar, tamg‘alari bo‘lgan yovvoyi hayvonlar tutilganda hududida ov qilish amalga oshirilgan ovchilik xo‘jaligiga yoki ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hududiy organiga ular to‘g‘risida axborot taqdim etish;

— lavhalar, e’lonlar, oxurlar, yoyib qo‘yilgan qo‘shimcha ozuqalar, sun’iy uyalarga va boshqa biotexnik qurilmalarga shikast yetkazmaslik;

— ov qilishning xavfsizlik qoidalarini bilish va ularga amal qilish.

Ov qilishdagi taqiqlar

Ov qilish joylarida quyidagilar taqiqlanadi:

— qishloq xo‘jaligi, meliorativ, o‘rmon xo‘jaligi ishlarini va boshqa ishlarni yovvoyi hayvonlarning nobud bo‘lishiga olib keladigan usullarda amalga oshirish;

— o‘zboshimchalik bilan yovvoyi qushlarning tuxumlarini yig‘ish, uyalarini vayron qilish, yovvoyi hayvonlarning uychalarini, inlarini va boshqa uyalarini buzish (bundan yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish bilan bog‘liq hollar mustasno);

— qurigan dov-daraxtlarni va ularning qoldiqlarini ildizi bilan yoqish;

— yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti, bo‘lish va urchish joylarida, shuningdek, ularning ko‘chib o‘tish yo‘llari bo‘lgan joylarda dov-daraxtlarni yo‘q qilib yuborish, qiyoq, qamish va yovvoyi holda o‘suvchi boshqa o‘simliklarning chakalakzorlarini yoqish.

Chet el hujjatlari hisobga olinmaydi

Haqiqiy ovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan va ov qilish sohasida xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan chet ellik fuqaro ovchi hisoblanadi.

Ov qilish mumkin bo‘lmagan joylar

Quyidagilar ov qilish joylariga kirmaydi:

— aholi punktlarining yerlari;

— sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va tarixiy-madaniy maqsadga mo‘ljallangan yerlar;

— muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (agar ularning rejimida ov qilish nazarda tutilmagan bo‘lsa);

— shaharlar atrofidagi yashil zonalar;

— korxonalarning sanitariya-himoya zonalari;

— suv olish inshootlarining himoya zonalari;

— aerodromlar;

— temir yo‘llarning himoya zonalari;

— chegara oldi mintaqasi;

— hosil yig‘ishtirib olinguniga qadar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar;

— to‘g‘onlar, suv ayirgichlar, ko‘priklar yonidagi, baliqchilik pitomniklari, hovuz xo‘jaliklari va boshqa madaniy baliqchilik xo‘jaliklari chegaralaridagi uchastkalar (agar ushbu obyektlarni muhofaza qilish rejimida ov qilishga doir taqiq nazarda tutilgan bo‘lsa).

Taqiqlangan qurollar

Yovvoyi hayvonlarni tutishda quyidagi ov qurollaridan foydalanish taqiqlanadi:

— o‘ziotar qurollar;

— kamonlar, arbaletlar va nayzalar (ov qurollaridan yovvoyi hayvonlarni immobilizatsiya qilish (qimirlamaydigan qilib qo‘yish) hamda tamg‘a qo‘yish bilan bog‘liq ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun foydalanish bundan mustasno);

— sirtmoqlar;

— ilgaklar;

— tuyoqli yovvoyi hayvonlar uchun qopqonlar;

— to‘rlar.

Ovning taqiqlangan usullari

Yovvoyi hayvonlarni tutishda ov qilishning quyidagi usullaridan foydalanish taqiqlanadi:

— ov uchun chuqurlar qazib qo‘yish;

— portlovchi, kimyoviy moddalarni va biologik preparatlarni qo‘llash;

— elektr tokini qo‘llash;

— dov-daraxtlarni yoqish;

— tovushsiz otish moslamalarini qo‘llash;

— yovvoyi hayvonlarni jalb etish uchun ovoz chiqaruvchi apparatlarni qo‘llash;

— suvdan kechib o‘tish joylarida, yong‘inlardan, toshqinlardan va boshqa tabiiy ofatlardan qochayotgan yovvoyi hayvonlarni ovlash;

— yovvoyi hayvonlarni muzga, qalin qorga, suvga yoki ular uchun xos bo‘lmagan o‘zga yashash muhitiga haydab kiritish;

— sutkaning qorong‘i vaqtida yoritish anjomlari bilan (bundan to‘ng‘iz, bo‘rsiq, jayra ovlash mustasno) transport vositalarini, shu jumladan yer ustida harakatlanadigan, havoda parvoz qiladigan vositalarni va kichik o‘lchamli kemalarni qo‘llash.

Qushlarni ovlash mumkin bo‘lmagan kunlar

Ov qilish mavsumida haftaning ikki kuni — seshanba, chorshanba — O‘zbekiston Respublikasining butun hududi qushlarni ov qilish uchun yopiqdir.