$
 12980.89
11.33
 14722.93
-45.51
 158.67
1.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Orzular ortidan: Saidbek Mamasoliev hikoyasi

1

Har bir inson o‘z taqdirini o‘zi yaratadi. Muhimi – hech qachon taslim bo‘lmaslik va olg‘a intilish. Men bolaligimdan orzu qilardim. Bugungi yutuqlarim sababi esa oddiy. Shunchaki, orzularim sari harakat qildim, ortiq hech narsa”.

Bu hikoya oddiy orzular bilan boshlangan, lekin kuchli iroda, mashaqqatli mehnat va ishonch bilan ulkan yutuqlarga erishilgan yo‘l haqida. Saidbek Mamasoliev – o‘zining tinimsiz intilishi va mehnati bilan xalqaro maydonda munosib o‘rin topgan, yosh avlod uchun ilhom manbai bo‘la oladigan umidli yoshlardan. Hozirda u Kaliforniya shtatidagi Lincoln Universitetida Xalqaro Biznes Boshqaruvi yo‘nalishida doktoranturada tahsil olmoqda. Biroq o‘zining aytishicha bu darajaga yetib kelish uchun ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri kelgan. “Qiyinchiliklar bo‘lgan, albatta. Lekin ularni gapirgandan ko‘ra, ana shu qiyinchilik ortida sizni kutayotgan yutuqlarga ko‘proq etibor qaratishni afzal bilaman. Shuning uchun ham kim so‘rasa, bular qiyinchilik emas, tajriba deyman. Mendan keyingi yoshlarni cho‘chitib yubormaslik uchun. Yoshlarni faqat olg‘a intilishga ilhomlantirish kerak, qo‘rqitish emas”, deydi Saidbek.

Andijondan Amerikagacha: boshlanish

Saidbek 1995-yilning 13-oktabrida Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida tavallud topdi. Yoshlik yillari shu yerda o‘tdi. Bolaligidan ilm-fanga qiziqqan Saidbekni ota-onasi xorijiy tillarga ixtisoslashgan 41-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga berishdi. Bu yerni u a’lo baholar bilan tamomlab, o‘z orzulari sari ilk qadamni tashladi. Shu maqsadda u Andijon davlat universiteti qoshidagi 4-son akademik litseyini tanladi. 2014-yilda litseydagi ta’limini yakunlab, shu yilning o‘zida o‘qishni davom ettirish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlari sari yo‘l oldi.

Bu uning hayotidagi eng muhim burilish nuqtalaridan biri edi. Yangi davlat, notanish muhit – bularning barchasi u uchun sinov edi. Lekin Saidbek hech qachon orqaga chekinmadi. Ilm yo‘lida har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishga tayyor ekani, ota-onasi va yaqinlari oldidagi mas’uliyatni his qilgan holda qunt bilan tahsil ola boshladi. Bu tez orada o‘z samarasini bermay qolmadi. Saidbekni oldinda yangi marralar kutib turardi.

Ilm yo‘lida cheksiz imkoniyatlar

Nihoyat, 2019-yilda Saidbek Kaliforniya shtatida joylashgan San-Fransisko universitetining “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasiga erishdi. Bu yo‘nalishda u global siyosat, iqtisod va xalqaro aloqalar bo‘yicha bilimlarni chuqur egalladi. Lekin bu faqat boshlanishi edi.

Qisqa muddat ichida Saidbekda oliygohda egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ldi. 2019-2020-yillarda u Nyu-York shahrida O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy Missiyasida faoliyat olib bordi. Bu unga nafaqat diplomatik tajriba, balki global siyosiy jarayonlarni uning markazida turib kuzatish imkoniyatini berdi. Ushbu missiyadagi faoliyati davomida u dunyo davlatlari bilan aloqalar o‘rnatish, muhim xalqaro masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borishda ishtirok etdi, o‘z sohasida qimmatli tajriba to‘pladi.

Bundan tashqari, BMTdagi mehnat faoliyati davomida Saidbek BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlari tinchligi, xavfsizligi va barqaror taraqqiyotiga bag‘ishlangan 72/283-sonli (2018-yil) hamda Markaziy Osiyoda turizm va barqaror rivojlanish bo‘yicha 74/214-sonli (2019-yil) rezolyutsiyalarini tayyorlash va ularning qabul qilinishiga o‘z hissasini qo‘shdi​. Bu, o‘z navbatida, uning xalqaro maydonda samarali faoliyat yuritish bo‘yicha ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.

Nufuzli universitetdan xalqaro e’tirofgacha

Saidbek bular bilan to‘xtab qolgani yo‘q. U o‘z malakasini yanada yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida oliy ta’limni davom ettirishga qaror qildi. Birdaniga ikkita – “Dean’s Recognition Scholarship” hamda “Stanley Hornbeck Endowed Scholarship” grantlarini yutib oldi va Denver universiteti Jozef Korbel Xalqaro Aloqalar maktabining magistratura bosqichiga 100%lik grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Mazkur oliygoh xalqaro munosabatlar yo‘nalishida dunyodagi eng nufuzli maktablaridan biri bo‘lib, global siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni tayyorlaydi.

Saidbekning ushbu yo‘nalishdagi yutuqlari xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. 2022-yilda magistraturani tamomlab, Denver universiteti dekanati va professorlarining tashakkurnomasini qo‘lga kiritdi. Ushbu oliygoh tomonidan unga taqdim etilgan maxsus sertifikat Saidbekning bilim va mehnati xalqaro darajada e’tirof etilganidan dalolat edi.

Kelgusidagi rejalar

Hozirda Saidbek ilm yo‘lidagi intilishlarini davom ettiryapti. “Endigi maqsadim Lincoln Universitetida doktortlik maqomiga erishish va xalqaro toifadagi mutaxassis sifatida shakllanish” deydi u. Bu bosqich unga xalqaro iqtisodiy aloqalar va biznes boshqaruvi bo‘yicha yetakchi mutaxassisga aylanish imkonini beradi.

Shuningdek, u BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini davom ettirib, xalqaro maydonda O‘zbekiston nomidan turli loyihalarda ishtirok etib kelmoqda. Bu bo‘yicha unda yetarli tajriba bor, albatta. Jumladan, u joriy 2023-yilning sentabrida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh rahbarlarining “C5+1” formatidagi birinchi sammitida ishtirok etdi. Saidbek sammit davomidagi xizmatlari uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi va BMT o‘rtasidagi 30 yillik hamkorlik va oliy darajadagi hissasi uchun” medali bilan taqdirlandi, shuningdek, O‘zbekistonning BMTdagi elchisidan maxsus e’tirof xatini ham oldi​. Bu uning diplomatik faoliyatdagi muvaffaqiyatlarini yana bir bor tasdiqlaydi.

Harakat va ishonch – muvaffaqiyat kaliti!

Saidbekning hayot yo‘li bizga mehnat va qat’iyat bilan imkonsizdek tuyulgan har qanday orzularni ham ro‘yobga chiqarish mumkinligini yana bir bor isbotlaydi. U oddiy bir o‘zbekistonlik sifatida, bugungi kunda dunyoning eng nufuzli universitetlarida ta’lim olish, xalqaro mutaxassis sifatida o‘z o‘rnini topish erishsa bo‘ladigan marra ekanini isbotlab berdi. “Menga ko‘p savol berishadi, bularning barchasiga qanday erishding?, deb. Javobim oddiy. Shunchaki orzularing sari harakat qil, tamom. Aslida, buning qiyin joyi yo‘q. Faqatgina qo‘rquv va xavotirlaringni yengib o‘ta olsang bas. Axir, bir odam uddalagan ishni, boshqalar nega eplay olmasin?!. O‘zimdan yosh ukalarimga ham doim shuni ta’kidlab kelaman. Toki mening yo‘nalishimda ham o‘zbek yoshlari ko‘paysin, ular ham xalqaro minbarlardan turib o‘z fikrlarini baralla ayta olsin!”

Saidbekning hikoyasi har bir yosh avlodga motivatsiya ulasha oladi. Xulosa shu: xohish bo‘lsa, imkoniyatlar cheksiz! Muvaffaqiyat faqatgina maqsad sari tinimsiz intilganlarga nasib qiladi. Saidbekka esa kelgusi rejalarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. 

Doniyorbek Mamatqulov suhbatlashdi