Umid uchquni: Qozog‘iston Jahon banki bilan hamkorlikda Orol dengizini saqlab qolishga intilmoqda
Orol dengizida so‘nggi paytlarda suv hajmining ko‘payishi kuzatilgan, uning havzasiga 1,1 milliard kub metr suv kirib, umumiy hajm 21,4 milliard kub metrni tashkil etyapti.
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda Shimoliy Orol dengizini saqlash loyihasining ikkinchi bosqichini ilgari surmoqda. Ma’lumot berilishicha, Orol dengizida so‘nggi paytlarda suv hajmining ko‘payishi kuzatildi, uning havzasiga 1,1 milliard kub metr suv kirib, umumiy hajm 21,4 milliard kub metrga yetdi.
Loyiha allaqachon start olgan
Jahon bankining suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mutaxassisi Baxit Aristanov “Kazinform” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, loyihaning birinchi bosqichi yakunlari muhokama qilingan va keyingi bosqich rejalarini belgilab berilgan.
Loyihaning birinchi bosqichida qanday aniq natijalarga erishildi?
Birinchi bosqichda bir qancha gidrotexnik inshootlar qurish hisobiga Sirdaryoning o‘tkazuvchanligi yaxshilandi va to‘g‘on qurish orqali Shimoliy Orol dengizi sathi barqarorlashtirildi. Dengiz sathi hozirda prognoz qilingan 42 metrni tashkil etadi, suv yuzasi esa qariyb ikki baravar oshdi... Bu tiklanish mahalliy baliqchilik sanoatiga turtki berdi. Proyekt, shuningdek, aholining migratsiya tendensiyalarini o‘zgartirdi, odamlar mintaqaga qaytdi.
Ikkinchi bosqich nimalarni o‘z ichiga oladi?
Loyihaning ikkinchi bosqichi yanada keng qamrovli bo‘ladi. U nafaqat suv infratuzilmasini qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtiribgina qolmay, balki turli iqtisodiyot tarmoqlaridagi faoliyatni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bu sayyohlikni, rekreasion faoliyatni, baliqchilikni, chorvachilikni, o‘simliklarni va o‘rmonlarni qayta tiklashni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Rejalarda Orol dengizining qurigan tubiga saksovul ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilgan. Ikkinchi bosqichda ushbu sohalarda turli tashabbuslar va tajriba loyihalari moliyalashtiriladi.
Jahon bankining moliyalashtirish miqdori qanday?
Qurilishning texnik-iqtisodiy asoslari davlat ekspertizasidan o‘tkazilayotgani bois, aniq moliyalashtirish miqdori hali ham aniqlanmoqda. Barcha xarajatlarning hisob-kitoblari Qozog‘iston standartlariga mos keladi.
Loyiha qiymatining 85 foizini Jahon banki, 15 foizini Qozog‘iston moliyalashtirishi oldindan muhokama qilingan.
Orol dengizi holatining yaxshilanishi bo‘yicha mutaxassis prognozlari
“Birinchi loyihaning muvaffaqiyati tufayli prognozlar optimistikdir, - deydi Baxit Aristanov, - Biz bu muvaffaqiyatni mustahkamlab, uni yanada rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Jahon banki odatda texnik yechim taklif qilmaydi. Buning o‘rniga u bilim va tajriba beradi. Orol dengizi tajribasi noyobdir, chunki bunday kattalikdagi dengiz deyarli qurib qolgan. Shimoliy Qozog‘istonda Orol dengizi uchun yechim topish mumkinligini ko‘rsatadigan ayrim texnologiyalar muvaffaqiyatli qo‘llanilgan kichikroq misollar mavjud. Hozirda to‘rt xil variant ko‘rib chiqilib, texnik-iqtisodiy asoslash yakunlandi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun suv resurslarining yetarliligidan kelib chiqqan holda eng maqbuli tanlandi.”



