Omonatlarni kafolatlash tizimi isloh qilinadi
Bunda kafolatlangan omonat uchun ma‘lum chegara o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

“Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Muammoli holatlar
Ta’kidlanishicha, banklardagi omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq hajmda kafolatlangani omonatchilar tomonidan bankning moliyaviy holati va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan o‘z mablag‘larini yuqori foizli omonatlarga joylashtirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Kafolatli omonat chegarasi
Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqayotgan qonun loyihasida aholi va tadbirkorlik subyektlarining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun iqtisodiy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi 200 mln. so‘m belgilanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yuqori chegarani belgilashda omonatlarning amaldagi holati to‘liq tahlil qilingan. Xususan, ushbu miqdor bugungi kunda mamlakatimizda 99,7 foiz omonatchilarning banklardagi mablag‘lari to‘liq kafolatlanishini ta’minlaydi.
Banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmaydi
Qonun tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, kafolatlangan omonat miqdorining cheklangani bilan banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmaydi va ular omonatchilari oldida o‘zining mol-mulki bilan javobgar bo‘lishadi. Bu omonatchilar pul mablag‘larining kafolatlangan hajmdan oshgan qismini ham bankdan talab qilish huquqiga ega, degani.



