$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Oltin oqshom: O‘zbek sportchilari Olimpiadaning 15-kuni 5 ta medalga ega chiqishdi

Paris

Fransiya poytaxtida o‘tkazilayotgan yozgi Olimpiada o‘yinlarining navbatdagi kunida o‘zbek sportchilari o‘z ishtiroklarini davom ettirishmoqda. Musobaqaning kechki dasturida bir qator sportchilarimiz chiqish qilib, delegatsiyamiz hisobiga 3 oltin va 1 ta kumush qo‘shib qo‘yishdi.

Erkin kurash 

Yozgi Olimpiya o‘yinlarining erkin kurash bahslarida -74 kg vaznda final jangi o‘tkazildi. Oltin medal uchun kechgan bellashuvda O‘zbekiston vakili Razambek Jamalov yaponiyalik Daichi Takataniga qarshi gilamga chiqib, og‘ritish uslubiga ko‘ra raqibini muddatidan avval mag‘lub qildi. Razambek Jamalov avvalgi bosqichlarda Olimpiada finalchisi Magomedhabib Nurmagomedov (neytral), 4 karra Yevropa chempioni Taymuraz Salkazanov (Slovakiya), Albaniya vakili Chermen Valiyev va tojikistonlik Valentin Rassadindan ustun kelgandi.

Taekvondo

Olimpiya o‘yinlarida ilk bor o‘zbekistonlik ayol taekvondochi medal qo‘lga kiritdi. +67 kg vaznda Svetlana Osipov hal qiluvchi bellashuvda mezbonlar vakili, jahon va Yevropa chempioni Alte Lorenga 0:2 hisobida (0:3, 3:3) imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Osipova finalgacha britaniyalik va koreyalik nomdor raqiblarni mag‘lubiyatga uchratgandi. Bu natija orqali O‘zbekiston taekvondo jamoasi Parij Olimpiadasidan 2 ta medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Bungacha -68 kg vaznda erkaklardan Ulug‘bek Rashidov oltin medalga sazovor bo‘lgandi. Yana bir natija shundaki, yozgi Olimpiya o‘yinlarida medal olgan o‘zbekistonlik ayol sportchilar soni uch nafarga yetdi va ularning ikkisi amaldagi turnirga to‘g‘ri kelmoqda. Bular: 

Bronza: Yekaterina Xilko (trampolin, Pekin-2008)

Oltin: Diyora Keldiyorova (dzyudo)

Kumush: Svetlana Osipova (taekvondo)

Boks

2024 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston boks jamoasi o‘zining beshinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi. Dastlab, mamlakatimiz delegatsiyasi bayroqdori Abdumalik Xalokov debyut Olimpiadasidayoq zafar quchdi. -57 kg vazndagi bokschi finalda qirg‘izistonlik Munarbek Seitbek Uuluga qarshi ringga ko‘tarilib, to‘liq ustunlik evaziga zafar quchdi. Shundan so‘ng o‘zbek sportchilari uchun kunni yakunlab beruvchi va hal qiluvchi bahsda Bahodir Jalolov mamlakatimiz hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasining Olimpiada-2024 da qo‘lga kiritgan medallari 13 taga yetdi — 8 oltin, 2 kumush va 3 bronza.

Теги :
Jamiyat