Oltinga 2 kilogramm yetmadi: Akbar Jo‘rayev “Parij-2024” yozgi Olimpiada o‘yinlari kumush medali sohibi
Og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida +102 kg vazn toifasida qatnashgan hamyurtimiz o‘zining dast ko‘tarishdagi chiqishlarini 185 kg, siltab ko‘tarish bahslarida esa 219 kg natijani qayd etgan holda yakunladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Fransiya poytaxtida o‘tkazilayotgan yozgi Olimpiada o‘yinlarining navbatdagi kunida o‘zbek sportchilari o‘z ishtiroklarini davom ettirishmoqda. Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Akbar Jo‘rayev “Parij-2024” yozgi Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokini kumush medali bilan yakunladi.
2 kilogramm hammasini hal qilgan bahs
Erkaklar o‘rtasida +102 kg vazn toifasida qatnashayotgan hamyurtimiz o‘zining dast ko‘tarishdagi chiqishlarini 185 kg natija bilan yakunladi. Shundan so‘ng u siltab ko‘tarish bahslarida ishtirok etib, 219 kg natijani qayd etdi. Yurtdoshimiz shu tariqa musobaqani xitoylik sportchidan so‘ng 2-o‘rin bilan yakunladi. Uning umumiy natijasi 404 kilogrammni tashkil qilib, 1-o‘rindan 2 kilogrammga kamroq bo‘ldi.
Akbar Jo‘rayev haqida
Ma’lumot uchun aytish mumkinki, Akbar Xusnidilla o‘g‘li Jo‘rayev 1999-yil 8-oktyabrda Toshkent viloyati G‘azalkent shahrida tavallud topgan. Akbar 109 kg vazn toifasida "Osiyo chempionati – 2019" kumush medali sovrindori, 2019 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi hisoblanadi. U 2020-yil Tokioda Olimpiadasida chempion bo‘lgandi.



