$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston Parij-2024 Olimpiadasi uchun qancha mablag' sarfladi?

Olimpiya

O‘zbekistonlik sportchilarning 2024-yilning birinchi choragida Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarligi va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uchun 73 milliard 355 million 700 ming so‘m sarflagani ma'lum bo'ldi. 

Olimpiadaga tayyorgarlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistondagi sport tashkilotlari tomonidan tizimli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va uyushmalarning ustav xarajatlari, milliy terma jamoa sportchilari uchun anjom va maxsus inventarlar xaridi, tibbiy-biologik ta’minot, sportchilarning turnir va chempionatlarda ishtiroki bilan bog‘liq xarajatlar ham davlat mablag‘lari tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Mukofot pullari

Avvalroq joriy yilning 29-aprel kuni Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi U23 yarimfinali doirasida O‘zbekiston olimpiya jamoasi Indoneziyani mag‘lub etib, final bosqichiga chiqish barobarida o‘z tarixida ilk bor Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Shu tariqa jamoa Parijda o‘tadigan har to‘rt yillikning eng yirik sport musobaqasida ishtirok etishini kafolatlagan. Shundan so'ng, insayd xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston futboli tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Temur Kapadze boshchiligidagi terma jamoamiz futbolchilarining har biriga 30 000 AQSH dollaridan pul mukofoti berilgandi.

Olimpiyada Fransiyaga qancha daromad olib keladi?

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi 2024-yilgi Olimpiya o‘yinlariga bog‘liq bir qator tadqiqotlarni e’lon qilgandi. Mustaqil ekspertiza hisob-kitoblariga ko‘ra, Parij Olimpiadasi shaharga 6,7 dan 11,1 milliard yevrogacha daromad olib keladi. O‘rtacha daromad 8,9 milliard yevroga baholanmoqda. O‘yinlar davomida Parijga 2,3 dan 3,1 milliongacha sayyoh kelishi kutilmoqda. Ular o‘yinlar davomida taxminan 2,6 milliard yevroga yaqin pul xarajat qilishadi. 7 milliard miqdordagi asosiy daromad esa mediahuquqlar, homiylar, chiptalar sotuvi, investitsiyalar va XOQ tomonidan beriladigan pul orqali keladi (1,7 milliard).

Olimpiada O‘zbekiston hududida ko‘rsatiladimi?

Xabarlarga ko‘ra, Parij-2024 Olimpiadasi translyatsiya huquqini sotib olish uchun 1,5 million dollar atrofida mablag‘ kerak bo‘ladi. Uch yil oldin Tokio Olimpiadasi uchun O‘zbekistonga taklif qilingan translyatsiya summasi 1 million dollar atrofida bo‘lgan. Ba’zi manbalar ma’lumotiga tayanadigan bo‘lsak, MTRK bunday katta miqdordagi summani Olimpiadani ko‘rsatish uchun to‘lamoqchi emas. Shunday bo‘lishiga qaramay, Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasi MTRK bilan bu borada muzokara olib borayotgani ma’lum qilingan.