$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Parij — 2024: Yana bir qoʻshaloq oltinli oqshom

positive

Bu g‘alabalar O‘zbekistonni xalqaro reytingda yanada yuqoriroqqa olib chiqdi.

Shiddatli bokschining Olimpiadadagi ilk “oltini”

O‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullojonov 10-avgustga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan jang yakunlari bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu medal uning Olimpiadadagi ilk “oltini” bo‘ldi.

Lazizbek Xasanjonovich Mullojonov 1999-yil 13-mayda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Uning birinchi ustozi — Sherzod Husanov, Alisher To‘ychiyev rahbarligida esa Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rgan. 2017-yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasi vakili hisoblanadi.

2021 yilgi harbiylar bo‘yicha jahon chempioni. 2022-yilda Iordaniyada bo‘lib o‘tgan qit’a chempionatida superog‘ir vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2023-yilda Toshkentda o‘tkazilgan jahon chempionatining bronza medali sovrindori. Mullojonov erishgan muvaffaqiyatlari uchun "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlangan.

Jang

Debyut Olimpiadasida 92 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etgan 25 yoshli o‘zbekistonlikka musobaqa “oltin”i uchun jangda kelib chiqishi kubalik ozarbayjonlik bokschi raqib bo‘ldi. 29 yoshli Loren Alfonso Dominges 2021-yilda jahon chempioni va 2023-yilda vitse-jahon chempioni, Tokio-2020 o‘yinlari bronza medali sovrindori bo‘lgan.

Jang teng kurashlar ostida o‘tdi. Birinchi raundda o‘zbekistonlik jangchi birinchi raqamda harakat qildi va 5:0 hisobida yakunladi. Mullojonov pressingni davom ettirdi va ketma-ket yaxshi hujumlar uyushtirdi va bu unga ikkinchi raundda ham oldinda bo‘lish hamda hisobni 5:0 shaklida davom ettirish imkonini berdi. So‘nggi uch daqiqada Dominges tashabbusni qo‘lga olishga urindi va buni qisman uddaladi, ammo raund baribir O‘zbekiston vakili hisobiga 3:2 shaklida hal bo‘ldi.

Yakuniy hisob — 5:0.

Bronza medallari tojikistonlik Davlat Boltayev va ispaniyalik Enmanuel Reyesga nasib qildi.

Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevdan g‘alaba

O‘zbekiston terma jamoasi bokschisi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev 10-avgust kuni bo‘lib o‘tgan final jangi yakunlariga ko‘ra Parijdagi Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritdi.

71 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida boks bo‘yicha 23 yoshli jahon chempioni bo‘lgan sportchi 22 yoshli Panamerika o‘yinlari chempioni meksikalik Marko Alonso Verde Alvaresga qarshi ringga chiqdi.

O‘zbekistonlik uchta raunddan ikkitasini 5:0 hisobida o‘tkazgan bo‘lsa, oxirgisida xuddi shunday hisobda mag‘lub bo‘ldi. Hakamlarning bir xil ballari evaziga Asadxo‘ja Muydinxo‘jayev g‘alaba qozondi — 5:0.

O‘zbekiston reytingi

Lazizbek Mullojonov va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevlar ushbu Olimpiadada Xasanboy Do‘smatovdan keyin oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik bokschilar bo‘lishdi. Oldinda Bahodir Jalolov va Abdumalik Xalokovning ham final janglari kutilmoqda.

Bu O‘zbekistonning Olimpiadadagi beshinchi oltin medali — O‘zbekiston uchun eng yaxshi bo‘lgan 2016-yil Olimpiadasidan (4) ko‘proq. Bu terma jamoaga medallar jadvalida 15-o‘rindan 14-o‘ringa ko‘tarilish imkonini berdi.

Теги :
Jamiyat