Istanbuldagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Ulardan voyaga yetmagan farzandlarini turli maktablarda mutaassib qarashlar singdirilishidan ehtiyot qilishlari so‘raldi.
1 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlarini turli maktablarda mutaassib qarashlar singdirilishidan ehtiyot qilishlari so‘raldi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ogohlantirish bilan chiqdi.
Oʻzbek bolalari uchun moʻljallangan maktablar
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali Istanbulda ayrim xorijiy davlatlar nomi ostidagi o‘zbek bolalariga mo‘ljallangan maktablar reklamasi tarqalmoqda. Bu maktablarda xorijiy tillar, robototexnika, diniy bilimlar, informatika va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari o‘rgatilishi e’lon qilingan.
Maktablarda mutaassib qarashlar singdirilishidan ehtiyot qilish soʻraldi
“Ushbu o‘quv yurtlaridagi diniy darslar Ahli sunna aqidasi asosida ekanligi ta’kidlanishiga qaramay, ayrim o‘qituvchilardagi mo‘tadil islomga zid e’tiqodiy qarashlarning ta’lim oluvchilarga singdirilishi kelgusida jamiyatimizda aqidaviy ziddiyatlarni yuzaga keltirishi mumkin”, - deyiladi Bosh konsulxona xabarida.
Shundan kelib chiqqan holda diplomatik vakolatxona ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlarini turli maktablarda mutaassib qarashlar singdirilishidan ehtiyot qilishlarini so‘radi.



