Ofis xodimlari o‘rtasida surunkali kasalliklar xavfini qanday kamaytirish mumkin?
Asosiy vaqti ish stolida, kompyuter qarshisida o‘tadigan xodimlar bundan ko‘p aziyat chekishi ma’lum. Tadqiqotchilar ofis xodimlari o‘rtasida surunkali kasalliklar xavfini kamaytirish bo‘yicha tavsiya berdi.
1 daqiqa o‘qiladi

Kamharakat turmush tarzi — ko‘plab kasalliklar omili. Asosiy vaqti ish stolida, kompyuter qarshisida o‘tadigan xodimlar bundan ko‘p aziyat chekishi ma’lum. Tadqiqotchilar ofis xodimlari o‘rtasida surunkali kasalliklar xavfini kamaytirish bo‘yicha tavsiya berdi.
Ofis xodimlari jalb qilingan tadqiqot
AQSH olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ayni shu mavzuga bag‘ishlandi. Unga 6300 nafardan ortiq ishtirokchi jalb qilindi. O‘rganish davomida ofis xodimlari o‘rtasida surunkali kasalliklar va erta o‘lim xavfini kamaytirish yo‘llari tadqiq etildi.
Barvaqt o‘limga yechim
Ma’lum bo‘lishicha, kuniga sakkiz soatdan ko‘proq vaqt kompyuterda davomli o‘tirib ishlash bevaqt o‘lim xavfini 80 foizga oshiradi.
Ammo muammoning oson va samarali yechimi bor: jismoniy faollik darajasini oshirish orqali erta o‘lim ehtimolini 20 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfini esa 11 foizga kamaytirish mumkin.
Kuniga 20 minut sport bilan shug‘ullanish yetarlimi?
Olimlar tavsiyasiga ko‘ra, buning uchun haftasiga kamida 140 daqiqa yengil jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish zarur. Masalan, shuncha vaqtni yuqori maromda piyoda yurish yoki yoga mashqlariga sarflash yaxshi natija beradi. Yoxud hafta davomida 75 daqiqa o‘rtacha intensivlikda suzish, yugurish, futbol va basketbol o‘ynash ham foydali. Mashg‘ulotlarni har bir odam o‘z qiziqishi, salomatlik ko‘rsatkichi va imkoniyatidan kelib chiqib tanlashi mumkin.



