$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Hafta davomidagi tez o‘zgaruvchan ob-havo inson salomatligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

ob havo

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 2-dekabr kuni respublika bo‘ylab quruq va sovuq harorat kuzatiladi. Havo harorati shimolda +0…+5 daraja, boshqa hududlarda +3…+8 darajagacha, janubda +10 darajagacha iliq, tog‘larda -3daraja sovuqdan +2 daraja iliq orasida o‘zgarsa, tunda shimolda -8 daraja, tog‘larda -10 darajagacha sovuq kutiladi. Boshqa hududlarda ham harorat minimumlari nol daraja va undan past kuzatiladi. Tekislik hududlariga tuman tushishi mumkin.

Quruq, yog‘ingarchiliksiz ob-havo 

Sinoptiklar 3−5-dekabr kunlari O‘zbekistonda quruq, yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatilib, janubda havo harorati maksimumi +12 darajagacha, aksariyat hududlarda -5 daraja sovuqqacha, shimol va tog‘larda tunda harorat minimumlari -8 daraja sovuqqacha pasayishi, tuman tushishi kutilmoqda. 5-dekabr kuni tog‘larda tungi harorat biroz ko‘tarilishini hisobga olmasa, boshqa joylarda dushanba, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari ob-havo bir xil bo‘lishi kutilmoqda.

Dam olish kunlaridachi?

Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat hafta boshi va o‘rtalariga nisbatan biroz ko‘tariladi, ammo bu kabi ko‘tarilishni ko‘pchilik deyarli sezmaydi. Juma va shanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, shanba kuni faqat tog‘larga biroz qor yog‘ishi mumkin. Yakshanba kuni esa kechga tomon Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, keyinroq Farg‘ona vodiysida qor yog‘ishi mumkin.

Tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

O‘zbekiston butun ish haftasi davomida antitsiklon chekkasining ta’sir doirasida bo‘lishi, boz ustiga, mazkur antitsiklonda atmosfera bosimi 1030 va 1035 gPa ga yaqin bo‘lishi oqibatida aholi antitsiklon ta’sirni o‘z tanida his qiladi, - deb yozadi iqlimshunos olim Erkinjon Abdulahatov.

Qayd etish joiz, bundayin yuqori atmosfera bosimi inson salomatligiga, ayniqsa, allergik, astmatik hamda qon bosimi xastaliklaridan aziyat chekayotgan kishilarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu tur bemorlar havodagi turli ko‘rinmas mayda zarrachalarga ta’sirchan (agressiv) bo‘ladi, aksiga olib, antitsiklon vaqtidagi tinch ob-havo sharoitida bu kabi zarralar havoda ko‘p muddat muallaq saqlanadi.

Yuqori bosimli davoiy antitsiklon ta’siri inson tanasida bosh va yurak og‘rig‘i, ishchanlikning sustlashuvi, umumiy zaiflik bilan namoyon bo‘ladi. Atmosfera bosimining ko‘tarilishi qondagi leykotsitlar sonini kamaytirib, organizmning himoya funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bularning bari inson salomatligini sezilarli darajada yomonlashtiradi va turli yuqumli kasalliklarga moyil qilishi mumkin.

Tavsiyalar

Antitsiklon ta’sirlarga moyil kishilar tongda tetiklashtiruvchi yengil dush qabul qilishi, yengil gimnastika mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi hamda ovqatlanish ratsioniga kaliy moddasiga boy mevalarni qo‘shishi tavsiya etiladi. Immun va asab tizimini zo‘riqtirmaslik maqsadida kundalik ish tartibini ham ma’lum muddat biroz o‘zgartirish lozim. Iloji bo‘lsa, ko‘proq dam olgan ma’qul.

O‘zbekistonda antitsiklon jarayonlari ta’siri 1,5−2,5 sutkagacha, juda kam hollarda 3,5 sutkagacha davom etishi mumkin.

Bu hafta kuchli shamollar bo‘lishi ehtimoli deyarli yo‘q. O‘z-o‘zidan, atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi ehtimoli ham past. Shunday ekan, joriy hafta ish kunlari tabiiy ob-havo muhitining ichki qon bosimiga ta’sir etishi xavfi baland emas.

Ammo yakshanba kuni nam havo oqimi, katta ehtimol, kuchli shamollar bilan kirib keladi. Bu vaqtda atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi, ya’ni “barik tubsizlik” hodisasi ro‘y berishi mumkin.

Теги :
Salomatlik