Ramzan Qodirov Nobel mukofoti bilan taqdirlandimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi xabar tarqala boshladi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
2 daqiqa o‘qiladi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi xabarlar tarqala boshladi.
Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
Ma’lum bo‘lishicha, Qodirovga Rossiyaning Lyudvig Nobel nomidagi mukofoti topshirilgan va uning ma’lum va mashhur (Alfred) Nobel mukofotiga hech qanday aloqasi yo‘q.
“Qodirov “maxsus harbiy operatsiya”ni o‘tkazishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, askarlarni qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, fuqarolik pozitsiyasi, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, an’anaviy qadriyatlarni himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlari uchun taqdirlangan”, – deb yozadi “Ria Novosti” nashri.
Qodirov bu mukofotga loyiqmidi?
Avvalroq, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov o‘zining mintaqada terrorizm bilan kurashishda erishgan muvaffaqiyatlari uchun Nobel mukofotiga loyiqligini bildirgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Ramzan Qodirov 2011-yilning 5-aprelidan buyon Checheniston rahbari lavozimini egallab kelmoqda.
Sharafli vazifa
Rossiyaning Lyudvig Nobel nomidagi mukofotini Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi prezidenti, Lyudvig Nobel mukofoti laureati Irina Viner topshirgan.
“Men ko‘plab odamlarga medal taqdim etganman. Lekin buyuk Nobeldan buyuk Ramzanga bunday medalni topshirish – katta sharaf” degan Irina Viner.
Lyudvig Nobel jamg‘armasi rahbari Anna Yakovleva ham medalni shaxsan topshirish ular uchun sharaf ekanini ta’kidlagan. Checheniston rahbari, o‘z navbatida, delegatsiya a’zolariga tashrif uchun minnatdorlik bildirgan.
Lyudvig Nobel mukofoti haqida
Ma’lumot uchun, Lyudvig Nobel mukofoti taniqli rus olimi, sanoatchi va filantrop Lyudvig Emmanuilovich Nobel sharafiga 1888-yilda ta’sis etilgan, 2005-yildan qayta yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu mukofot zamonaning taniqli shaxslariga ajoyib professional yutuqlari va insoniyat oldidagi buyuk xizmatlari uchun beriladi. 2022-yilning mart oyida bu mukofotga Salim Abduvaliyev – “Salimboyvachcha” munosib ko‘rilgan edi.



