“Qora dayjest”: 2024-yil 8-avgust voqealari
Ukasining xotiniga shilqimlik qilgan erkak, kesarcha amaliyotida bemor qornida qolib ketgan doka va rezina qo‘lqop, Cobalt’da aniqlangan 332 blok tamaki — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda ukasining xotiniga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi
2024-yil avgust oyining 7-kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudida o‘z keliniga shilqimlik qilgan erkakka jazo tayinlandi.
Sudlanuvchi 37 yoshli erkak 28-iyul kuni soat tungi 23:00 larda Bog‘ot tumani Qorabog‘ mahallasida yashovchi ukasining xotinini o‘z yashash uyida, ishqiy munosabatda bo‘lishni taklif qilib, unga nisbatan shahvoniy tarzda shilqimlik qilganligi aniqlanib, hujjatlashtirilgan.
Kesarcha amaliyotida bemor qornida doka va rezina qo‘lqop qolib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Chortoq tumanida kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilgan ayol qornida tibbiy doka va rezina qo‘lqop qolib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.
Ayni paytda mazkur holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan to‘liq nazoratga olinib, mavjud vaziyatga zudlik bilan aniqlik kiritish maqsadida tegishli Ishchi guruh Namangan viloyatiga yuborildi, deyiladi vazirlik xabarida.
Yakuniy xulosalar bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.
Andijon viloyatida 158,6 ming kub. metr qum-shag‘al aralashmasini o‘zboshimchalik bilan qazib olish holati aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buloqboshi tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ushbu tumanda faoliyat yurituvchi “O.A.” MCHJ mas’ul shaxslari foydali qazilmalarni qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan “Obod” qum-shag‘al aralashmasi koni chegarasidan tashqariga chiqib, 158,6 ming kub. metr qum-shag‘al aralashmasini o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,7 mlrd. so‘m zarar yetkazganliklari, shuningdek soliq solinadigan ob’yektlarni qasddan yashirish orqali 1,1 mlrd. so‘m soliq to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganliklari aniqlangan.
“Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt’da 332 blok tamaki aniqlandi
2024-yil 4-avgust kuni soat 10:40 larda Namangan viloyati, Pop tumani hududida joylashgan “Namangan” YPX maskanida xizmat olib borayotgan YPX xodimlari tomonidan “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan haydovchi, 1980-yilda tug‘ilgan S.X. boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda, tegishli hujjatlari bo‘lmagan 332 blok tamaki mahsulotlari olib ketilayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Holat tegishli tartibda rasmiylashtirilib, haydovchi va tamaki mahsulotlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Pop tumani bo‘limi xodimlariga topshirilgan.



