“Qora dayjest”: 2024-yil 29-avgust voqealari
Bo‘stonliqda o‘rmon xo‘jaligiga qarashli hududda yong‘in sodir bo‘ldi, Kiberxavfsizlik markazi soxta daromad reklamalaridan ogohlantirdi, Turkiyada tutqunlikda saqlab kelingan ayol qutqarildi, Rossiyada 29 yoshli oʻzbekistonlik erkak vafot etdi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda o‘rmon xo‘jaligiga qarashli hududda yong‘in sodir bo‘ldi
Joriy yilning 29-avgust kuni soat 00:35 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Tezkor boshqaruv markaziga Bo‘stonliq tumanidagi o‘rmon yer maydonlarida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, yong‘in joyiga 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji, 30 nafar qutqaruvchi hamda Burchmulla o‘rmon xo‘jaligidan 20 nafar xodim jalb qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in Bo‘stonliq tumani “Ma’rifat” MFY, Burchmulla o‘rmon xo‘jaligiga qarashli hududda 1,5 gektar maydonda yuzaga kelib, natijada ushbu hududdagi quruq o‘t va shox-shabba yongan.
Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida yong‘in soat 01:50 da to‘liq bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida tan jarohat olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Soxta daromad reklamalari
Ijtimoiy tarmoqlarda takroran turli xil ko‘rinishlarda go‘yoki “Umar Saitov” nomli kanal orqali internet foydalanuvchilari tez fursat ichida mo‘may daromad olishlari mumkinligi aytilayotgan xabarlar tarqatilmoqda. Mazkur xabarlar yolg‘on va haqiqatga mos kelmaydi.
“Internet orqali mo‘may daromad taklif etayotgan har qanday axborotni jiddiy tekshiring! Ayniqsa, bugun Internet firibgarlari mashhur shaxslar qiyofasidan foydalangan holda soxta reklama xabarlarini yaratmoqda. Shuning uchun investisiya kiritish orqali mo‘maygina mablag‘ ishlab olish mumkinligi haqida aytilayotgan videoroliklarga ishonmang”, deyiladi Kiberxavfsizlik markazi murojaatida.
Turkiyada tutqunlikda saqlab kelingan ayol qutqarildi
Turkiyaning Ushoq shahrida erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab kelingan o‘zbekistonlik ayol qutqarildi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, idoraga Tashqi ishlar vazirligi orqali Qarshi shahridan 21 yoshli fuqaro o‘z onasining Istanbulga 4 yil oldin ketgani, 3 yildan beri aloqaga chiqmayotganini aytib, onasini topish va vatanga qaytarishda yordam so‘ragan murojaati kelib tushgan.
Mazkur murojaat asosida olib borilgan tekshirishlar natijasida esa 1982-yil Qarshi shahrida tug‘ilgan X.D. Turkiyaning Ushoq shahrida ekanligi, 2020-yildan buyon Turkiya fuqarosi M.G. tomonidan erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilganligi aniqlandi.
Rossiyada 29 yoshli oʻzbekistonlik erkak vafot etdi
Rossiyada 8-avgust kuni quduq qazish vaqtida Oʻzbekiston fuqarosi tuproq bosib qolishi oqibatida vafot etdi.
Hodisa Leningrad viloyatining Lodeynopolskiy tumanida sodir boʻlgan. Sankt-Peterburgda roʻyxatdan oʻtgan 29 yoshli oʻzbekistonlik Pirkinichi bogʻdorchilik hududidagi yer uchastkasida quduq qazayotgan boʻlgan. Shu vaqtda uni tuproq bosib qolgan. Keyinroq uning jasadi tuproq ostidan chiqarib olingan.
Hozirda Tergov qoʻmitasi xodimlari hodisa sabablarini oʻrganmoqda.



