Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +18° kechasi +9°

“Qora dayjest”: 2024-yil 27-avgust voqealari

Og‘ir kasallikdan vafot etgan futbolchi, homilador xotinini kaltaklagan erkak, yonib ketgan Damas, bolalardan 15 mingdan yig‘moqchi bo‘lgan tarbiyachi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

3 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 27-avgust voqealari

Samarqandda tarbiyachi batut uchun 15 ming soʻmdan yigʻmoqchi boʻldi

Samarqand shahridagi 56-bogʻchada har oy teatr yoki sirk uchun bolalardan pul talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Holat viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan oʻrganildi. Oʻrganishlar jarayonida 56-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi tomonidan ota-onalar guruhiga “bogʻchaga 15 ming soʻmdan batut keladi” deya xabar yozilgani, biroq pul yigʻilmagani maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan tarbiyachiga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi. Shuningdek, maʼlumotnomada ushbu tashkilotda shu kunlarda hech qanday teatr va hokazolar uchun pul yigʻilmagani maʼlum qilingan.

O‘zbekistonlik futbolchi og‘ir kasallikdan vafot etdi

Samarqandning “Dinamo” klubi futbolchisi Sayriddin Gʻafforov 25-avgust kuni 34 yoshida vafot etdi. U futbolchilik faoliyati davomida jarohat olib, davolab bo‘lmaydigan kasallikka chalingan. 

Taxminan bir yil oldin ikki qo‘lida, keyin oyoqlarida vazn va kuch yo‘qotishni boshlagan. Keyinchalik u gapirish qobiliyatini ham yo‘qotdi. Shifokorlar unda lateral amiotrofik skleroz borligini aniqlagan.

Toshkent viloyatida Damas to‘liq yonib ketdi

Toshkent viloyati Zangiota tumanida Damas to‘liq yonib ketdi. Bu haqda viloyat YHXB xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 26-avgust kuni soat 15:30 larda Toshkent viloyati Zangiota tumani “Qirguzar” MFY Nazarbek temir yo‘li ko‘prigi ostida “Turkiston-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan haydovchi 1990-yilda tug‘ilgan U. M. boshqaruvidagi Damas salon qismida yong‘in kelib chiqqan.

Yong‘in oqibatida avtomobil to‘liq yonib ketgan. Haydovchi avtomobildan tushib qolgan. Harakat vaqtida avtomobilda yo‘lovchi bo‘lmagan.

Ushbu yong‘in oqibatida hech qaysi harakat ishtirokchisi sog‘lig‘iga ziyon yetmagan.

Toshkentda erkak homilador xotinini doʻpposladi

Toshkentda erkak uyga doʻstini olib kelib, aroq ichishiga qarshilik qilgani uchun homilador xotinini doʻpposladi.

Manbalarga koʻra, er-xotin oʻzaro janjallashib qolgan. Ayblanuvchining sudda bergan koʻrsatmasiga koʻra, janjal kuni eri unga qoʻngʻiroq qilib, doʻsti bilan aroq ichishini aytgan. Ayol esa bunga qarshilik qilgan. Erkak uyga kelganida janjal davom etgan va eri uni doʻpposlagan. Ayol oshxonadan pichoq olib kelib, oʻziga sanchmoqchi boʻlganida eri uni ushlab qolgan. Oqibatda ayol erini pichoqlab qoʻygan.

Aniqlanishicha, ayol eridan kechirim soʻrab, tez yordam chaqirgan.

Berligan koʻrsatmalar va dalillar hisobga olinib, ayolga nisbatan 3 (uch) yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ozodlikni cheklash jazosi, uyida sutkaning soat 23:00 dan ertalabki 06:00 gacha oʻtash belgilandi.

Toshkentda yo‘lovchilar metroning kichik oynasini ochish vaqtida sindirib qo‘ydi

Toshkent metropolitenining poyezd vagonidagi kichik oynasi sindi. Bu haqda Toshkent metropoliteni ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, tarmoqlarda aks etgan holat 2024-yilning 4-iyul sanasida sodir etilgan. O‘sha kuni 4006-sonli metro vagonining tirqishi yo‘lovchilar tomonidan “ehtiyotsiz harakat” bilan ochilgan va oqibatda tirqish sinib ketgan.

Ushbu holatdan poyezd mashinisti xabar topgach, belgilangan yo‘riqnomaga asosan harakat tarkibi elektrodepoga olib kirilgan va ushbu kamchilik bartaraf etilgan.