“Qora dayjest”: 2024-yil 12-avgust voqealari
PUBG akkaunt orqali odamlarni aldagan firibgar, yopilayotgan Zomin dory o‘li, iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotlari, muomalaga kiritilayotgan noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlari — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Telegramda “PUBG” akkaunt sotaman deb fuqarolarni aldab kelgan yigitcha qo‘lga olindi
Farg‘ona viloyatida yashovchi I.E. murojaat qilib, o‘z arizasida telegram messenjerida “noma’lum shaxs” tomonidan 1.080.000 so‘m miqdoridagi pullari firibgarlik yo‘li bilan o‘tkazib olinganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Qashqadaryo viloyatida yashovchi J.M. sodir etganligi aniqlandi.
Zomin dor yo‘li yopilmoqda
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Zomin” sayyohlik-rekreatsion zonasida joylashgan dor yo‘li 12-avgustdan vaqtincha yopildi, deya xabar bermoqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, osma dor yo‘li 18-avgustga qadar ishlamaydi. Bu paytda yilda bir marotaba o‘tkaziladigan profilaktika ishlari olib boriladi
Iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotini ishlab chiqarish holatlari fosh etildi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shahrisabz shahar va Gʻuzor tuman bo‘limlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqaro F.N. Shahrisabz tumani "Xontepa" MFY hududida joylashgan noturar binoda va fuqaro H.N. Gʻuzor tumani "Eskibog‘" MFYda joylashgan yashash xonadonining yordamchi xo‘jaligida yashirin syexlar tashkil etib, yog‘ ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelayotganliklari aniqlanib, ushbu syexlardan 211 litr iste’molga yaroqsiz yog‘, 146 kg chigit, 3 dona juvoz uskunasi va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi
Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “S.S.” MCHJ savdo do‘koni sotuvchisi S.N. xaridor Yu.M.ga 1 quti tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo do‘konidan hech qanday hujjatsiz umumiy bahosi 213,9 mln. so‘mlik 1 650 dona elektron tamaki mahsulotlari hamda 1 176 dona nikotinni iste’mol qilish moslamalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Termiz shahrida ham “F.O.” MCHJga qarashli savdo do‘konidan hech qanday hujjatsiz umumiy bahosi 187,6 mln. so‘mlik 1 254 dona elektron tamaki hamda 686 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, Toshloq va Farg‘ona tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu hududlardagi YATT B.A. va “F.M.” xususiy korxonasining savdo do‘konlaridan umumiy bahosi 60,1 mln. so‘mlik qalbaki aksiz markali 2 036 dona alkogol va 5 turdagi tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.



