Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +18° kechasi +9°

“Qora dayjest”: 2024-yil 28-iyul voqealari

Soxta dasturga ishongan fuqaroning pullarini o‘zlashtirgan firibgar, yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlarning yarim yillik statistikasi, uch kunga yopilayotgan Andijon yo‘llari — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 28-iyul voqealari

 Firibgar soxta dasturga ishongan fuqaroning 5.050.000 so‘m pullarini o’zlashtirdi

Qashqadaryo viloyatida yashovchi 35 yoshli T.E. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 5.050.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyatida yashovchi 41 yoshli A.S. sodir etganligi aniqlandi.

Unga ko‘ra, A.S. internet foydalanuvchilariga teleram messenjeri orqali yolg‘on e’lonlar ostida soxta dastur, havola jo‘natib, bu e’longa ishongan jabrlanuvchi T.E.ning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va bu orqali uning bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olib, uning hisobidagi 5.050.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank kartasiga o‘tkazib olgan.

Mazkur holat yuzasidan A.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlarning yarim yillik statistikasi ochiqlandi

O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida 2024-yilning 6 oyida qariyb 50 mingta reyd tadbirlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida 48 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 217 milliard so‘m zarar undirilgan.

Davlat rahbari tomonidan ko‘rsatib berilgan “Energetika xavfsizligi — davlat xavfsizligi” tamoyili asosida ishlarni tashkil qilib, dastlab energetik balansni shakllantirish, resurslarni tejamkorligiga erishish hamda o‘g‘irlikning oqibati bilan emas, balki oldini olish bilan shug‘ullanish lozimligi qayd etildi.

Andijonning ayrim yo‘llari uch kunga yopilmoqda

Andijon viloyatining Xonobod shahrida “Dunyo sadolari” xalqaro musiqiy festivali o‘tkazilishi munosabati bilan 2024 yilning 29-30-31 iyul kunlari ayrim yo‘llarda vaqti-vaqti bilan N2, N3 toifadagi yuk avtomobillari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar uchun harakat cheklanadi.

Tursunali Mamajonov vafot etdi                                                                                                                                                  

Bugun, 28-iyul kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Vodil chinori” xalq dorbozlik jamoasi badiiy rahbari Tursunali Mamajonov 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Tursunali Mamajonov 1949 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan.

U Farg‘ona viloyati hayvonot bog‘i tashabbuskori, faxriy ekolog bo‘lgan.