“Qora dayjest”: 2024-yil 12-iyun voqealari
Chuqurga tushib ketgan avtokran, 1,1 mlrd. so‘mlik kreditni o‘zlashtirgan korxona, kripto-aktivlar sababli qamalgan yana bir yigit, mayning bilan shug‘ullanganlar — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtokran chuqurga tushib ketdi
Kecha, 11-iyun kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi hududida avtokran yerosti quvurlarini ta’mirlash uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisaga avtokran haydovchisining ehtiyotsizligi sabab bo‘lgan. U avtomashinasini ta’mirlash ishlari olib borilayotgan chuqurga yaqin olib borgan va avtokran o‘z og‘irligi bilan sirpanib ketgan. Shuningdek, avtokran osti asfalt yer qatlamining o‘pirilishi natijasida avtomashina bir tomonlama chuqurga tushib qolgan.
Mazkur holatda avtokran haydovchisi va hududda ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ishchi xodimlar jabrlanmagan.
Qo‘shrabot tumanida 1,1 mlrd. so‘mlik kreditni o‘zlashtirgan MCHJlar aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘shrabot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “N.B.” MCHJ va “K.N.” dehqon xo‘jaligi rahbari D.B., “N.Z.” MCHJ rahbari B.D. va boshqalar tijorat banki hududiy filialidan ajratilgan kredit evaziga burg‘ulash uskunalarni sotib olmasdan rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish orqali jami 1,1 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Kripto-aktivlar bilan noqonuniy muomala qilgan yana bir yigit qamaldi
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 20 yoshli yigit o‘z telefonida noqonuniy ravishda kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlangan. Unga telefonini musodara qilgan holda 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ochiq platformada e’lon qilingan sud qarorlariga ko‘ra, so‘nggi 1 haftada respublikada kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzishga doir o‘nga yaqin ish ko‘rilgan.
Toshkent shahar Yunusobod tumani va Andijon shahrida mayning ferma tashkil etgan xonadonlar aniqlandi
Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chingiz Aytmatov ko‘chasida yashovchi A.R. o‘z uyining yerto‘lasida 4 ta to‘plamdagi “Antminer” va “Bitmain Technologies” mayning qurilmalarini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga yashirincha ulab, jami 236,7 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shuningdek, Andijon shahrida Navbahor hamda Hamkorlik mahallalari hududidagi xonadonda yashovchi 2 nafar fuqaro o‘z uylarida jami 11 ta to‘plamdagi mayning qurilmalarini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga yashirincha ulab, jami 159,5 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.



