“Qora dayjest”: 2024-yil 18-mart voqealari
Giyohvandlikka aralashgan IIB xodimlari, YTHga uchragan maktab o‘quvchilari bilan to‘la avtobus, narkotik moddalar ovi, qo‘lga tushgan “Qabristonlarni saqlash” boshlig‘i — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Giyohvandlikka aralashgan IIB xodimlari
Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasining ikki nafar ofitseri qoʻlga olindi, deb xabar berdi ichki ishlar vaziri matbuot kotibi.
Xabarda yozilishicha, joriy yilning 16-mart kuni Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasining ikki nafar ofitser xodimi giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasiga aralashgani aniqlanib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida jinoyat ustida ushlangan.
Maktab o‘quvchilari bilan to‘la avtobus YTHga uchradi
Buxoro viloyati Kogon tumanida sodir bo‘lgan YTHda maktab o‘quvchilari jabrlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada tumandagi 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab o‘quvchilari jabrlangan. Ular 2 ta avtobusda Buxoro shahridagi viloyat musiqali drama teatriga borayotgan chog‘ida avtohalokatga uchragan hamda bir o‘quvchi voqea joyida vafot etgan.
Jarohatlangan 25 nafar o‘quvchilar Buxoro va Kogon shaharlari hamda Kogon tumanidagi tibbiyot muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti.
Narkotik moddalar ovi
Joriy yilning 6-mart kuni Yangihayot tumanidagi “Yangihayot” yo‘l patrul xizmati maskanida “Lacetti” rusumli, davlat raqam belgisi 20 H 699 FA avtomashinasi to‘xtatilgan. Mazkur avtomashina yo‘lovchisi 34 yoshli Abdulaziz Sh. xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning yonidan 200 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, shu kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy saqlagan 36 yoshli Muxlisa A. qo‘lga olingan. Fuqaro xolislar ishtirokida tekshirilganda, 50 dona “Zardeks” va 24 dona “Tropikamid” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, 1 gramm “gashish” giyohvandlik moddasi va elektron tarozi topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
“Qabristonlarni saqlash” boshlig‘i qo‘lga tushdi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olmaliq shahar bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati obodonlashtirish bosh boshqarmasi “Qabristonlarni saqlash” bo‘limi boshlig‘i J.A. tadbirkor I.T.dan dafn marosimlarini o‘tkazish xizmatini ko‘rsatishga ruxsat berishi evaziga 2 000 AQSH dollari talab qilib, shundan 200 AQSH dollarini qo‘lga kiritib, yana 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir soxta “gvardiyachi” qo‘lga tushdi
Joriy yilning 17-mart kuni soat 13.05 larda poytaxtimizning “Eski Juva” bozori hududida xizmat vazifasini o‘tayotgan Milliy gvardiya xodimlarining sergakligi tufayli ushbu bozorda Milliy gvardiyaning dala kiyimida yurgan notanish shaxs qo‘lga olindi.
Olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari davomida, o‘zini Milliy gvardiya xodimiman deb yurgan ushbu shaxs, aslida Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashovchi 27 yoshli fuqaro M.A. ekanligi, shuningdek Toshkent shahar 1 sonli ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turishi aniqlangan. Ushbu fuqaro Shayxontohur tumani IIB masʼul xodimlariga topshirilib, soxta guvohnoma va harbiy kiyim-kechaklari olib qo‘yilgan.



