“O‘zbekneftgaz” atmosferaga tashlanadigan zararli chiqindilarni 48,6 foizga, oqova suv chiqindilarini esa 62,6 foizga kamaytirdi
2024-yilda “O‘zbekneftgaz” korxonalari bo‘yicha atmosferaga tashlanishi mumkin bo‘lgan ekologik normativ miqdor 142,3 ming tonna deb belgilangan edi.
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” AJ atmosferaga tashlanadigan zararli chiqindilarni 48,6 foizga, oqova suv chiqindilarini esa 62,6 foizga kamaytirdi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilar me’yordan 36 foizga kam bo‘ldi.
Atmosferaga tashlanadigan chiqindilar kamaytirildi
AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekneftgaz” AJ vakili Gulhayo Ergasheva korxona tomonidan ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekistonning “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish hamda tabiiy resurslarni tejash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
2024-yilda “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari bo‘yicha atmosferaga tashlanishi mumkin bo‘lgan ekologik normativ miqdor 142,3 ming tonna deb belgilangan edi. Biroq, amalda bu miqdor 73,1 ming tonnaga tushirildi, ya’ni zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishi 69,2 ming tonnaga yoki 48,6 foizga kamaytirildi.
Oqova suvlar va ishlab chiqarish chiqindilari kamaydi
Korxonalarning ekologik ta’sirini kamaytirish natijasida oqova suv tashlanmalarining umumiy hajmi 62,6 foizga qisqardi. Belgilangan ekologik norma 11,5 million kub metr bo‘lsa, haqiqiy oqova suv chiqindilari 4,3 million kub metr bilan cheklangan. Bu 7,2 million kub metr ortiqcha ifloslanishning oldi olindi deganidir.
Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilar miqdori ham me’yordan 20,6 ming tonna kam bo‘lib, belgilangan 57,2 ming tonnalik normaga nisbatan 36 foizga kamaytirildi. Qolaversa, chiqindilarni zararsizlantirish va qayta ishlash tizimi ham samarali yo‘lga qo‘yildi.
Muqobil energiya
Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” tomonidan eskirgan qozonlar energiya tejamkor qurilmalar bilan almashtirildi, yoqilg‘i resurslarini tejash maqsadida muqobil energiya manbalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bu nafaqat ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, balki umumiy emissiyalarni ham qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, yangi chang-gaz tozalash qurilmalari ishga tushirildi va mavjud texnologiyalar modernizatsiya qilindi.



