$
 12058.45
-27.11
 13818.98
-51.62
 164.04
-0.48
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh va Eron kelishuvi xavf ostida: Shveysariyadagi uchrashuv tahdidlarga boy bo‘ldi

us iran

Shveysariyada AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning ilk kuni yakunlandi. Tomonlar 60 kun ichida muhim kelishuvga erishishi kerak, biroq hozircha asosiy bahs yadro dasturi emas, balki Livan va Hormuz bo‘g‘ozi atrofida kechmoqda. Muzokaralar fonida Trampning keskin bayonotlari, Eronning javoblari va Isroilning harbiy harakatlari vaziyatni yanada murakkablashtirdi.

Xo‘sh, bu muzokaralardan keyin ham mintaqadagi taranglik kuchayadimi?

Shveysariyada muzokaralar boshlandi

21-iyun kuni Shveysariyada AQSh va Eron delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvga Qatar va Pokiston vositachilik qilmoqda. Muzokaralar bir yarim soatdan kamroq davom etdi, shundan so‘ng tomonlar ichki maslahatlashuvlar uchun tanaffus oldi.

AQSh nomidan vitse-prezident Jey Di Vens, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner qatnashdi. Eron delegatsiyasiga esa parlament spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf hamda tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchilik qildi.

18-iyun kuni imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga ko‘ra, tomonlarda yakuniy hujjat ishlab chiqish uchun 60 kun vaqt bor. Muzokaralarning asosiy mavzusi esa hozircha Livandagi vaziyat bo‘lib qolmoqda.

Livan va Hormuz bo‘g‘ozi asosiy masalaga aylandi

Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiyning aytishicha, Livandagi urush to‘xtamas ekan, yakuniy kelishuv bo‘yicha keyingi bosqichga o‘tish qiyin bo‘ladi. Tehron Hormuz bo‘g‘ozining qayta ochilishini ham aynan Livandagi harbiy harakatlarning to‘xtashi bilan bog‘lamoqda.

19-iyun kuni Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Biroq oradan bir kun o‘tib Isroil Livanga yangi zarbalar berdi va buni raketa hujumlariga javob sifatida izohladi. Shundan so‘ng Eron Isroilni memorandum shartlarini buzganlikda ayblab, Hormuz bo‘g‘ozini yana yopdi.

Ayni paytda muzokaralarda yadro dasturi masalasi deyarli muhokama qilinmayapti. Tomonlar e’tiborni Livan va Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatga qaratgan.

Tramp tahdid qildi, Eron esa javobga tayyorligini bildirdi

Muzokaralar boshlanganidan ko‘p o‘tmay Donald Tramp keskin bayonot bilan chiqdi. U Eron “Hizbulloh”ga bosim o‘tkazmasa, AQSh zarbalari qayta boshlanishi mumkinligini aytdi. Tramp Hormuz bo‘g‘ozi yopilsa, AQSh uni nazorat ostiga olishi mumkinligini ham ta’kidladi. Shuningdek, Eron Livandagi proksi kuchlar faoliyatini to‘xtatishi kerakligini bildirib, aks holda Tehronga yanada kuchliroq zarba berilishi haqida ogohlantirdi.

Bunga javoban Eron delegatsiyasi rahbari Muhammad Bag‘ir G‘olibaf mamlakat qurolli kuchlari har qanday javob choralariga tayyor ekanini ma’lum qildi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa Livan janubida Isroil harbiylari kerak bo‘lsa uzoq muddat qolishini aytib, Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini yana bir bor takrorladi.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa mamlakat uranni boyitish huquqidan voz kechmasligini bildirdi. Shu bilan birga, Tehron yadro quroli yaratmaslik majburiyatini yozma ravishda tasdiqlashga tayyor ekanini ham ma’lum qildi. Hozircha muzokaralarning ilk kuni yakunlandi, ammo tomonlar o‘rtasidagi asosiy kelishmovchiliklar hanuz ochiqligicha qolmoqda.

Теги :
Jamiyat