$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Ombudsmanga ayollardan ko‘ra erkaklar ko‘proq murojaat qilishgan

ombudsman

2024-yilning 9 oyida Ombudsmanga 14 172 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma’lum qildi. Murojaatlarning 40 tasi belgilangan tartibda anonim deb topilgan.

Murojaatlar mazmuni qanday?

Jami murojaatlarning 27,2 foizi ijtimoiy, 24,7 foizi iqtisodiy, 17,2 foizi shaxsiy huquqlarga, 13,6 foizi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan shaxslar huquqlarini ta’minlashga, 10,5 foizi fuqarolik va murojaat qilish, 1 foizi bola huquqlari va 1 foizi ekologik huquqlarga va 4,5 foizi boshqa masalalarga oid.

Murojaatlar gender belgilariga ko‘ra tahlil qilinganda, jami murojaatlarning 44,3 foizi xotin-qizlarga, 55,7 foizi erkaklarga to‘g‘ri keladi.

Eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelib tushgan bo‘lsa, eng kam murojaatlar Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelib tushgan.

Murojaatlar qanday hal qilinmoqda?

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat tashkilotlari yoki mansabdor shaxslarga 103 ta ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi. Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirish belgilangan jami mablag‘lar 2 mlrd. 414 mln so‘mdan. ortiqni tashkil etdi. Shundan, 1 mlrd. 61 mln. so‘mi fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.

Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va ma’naviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 770 mln. 275 ming so‘mdan ortiq mablag‘lar fuqarolar foydasiga undirildi.

Ombudsman so‘roviga asosan, xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun 286 mln. 477 ming so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlandi. Aliment to‘lashdan bosh tortgan 8 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 5 ta holatda esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, 18,4 mln. so‘m miqdorida kommunal qarzdorlikning so‘ndirilishida, 51 mln. so‘mlik turli jarimalarning bekor qilinishida ko‘maklashildi.

Shuningdek, fuqarolar murojaatiga asosan 2 ta noqonuniy qurilish ishlari to‘xtatilishi ta’minlandi. 50 nafarga yaqin fuqaroning ish joyi saqlanib qolindi va ishga tiklandi, 5 nafar fuqaro bandligiga ko‘maklashildi. 

7 nafar mas’ul egallab turgan lavozimidan ozod etildi

Ombudsman taqdimnomasiga ko‘ra, Mehnat qonunchiligini buzganligi sababli 7 nafar mas’ul egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 4 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 9 nafariga esa “xayfsan” berilgan. 5 ta holatda ish beruvchining xodimga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari bartaraf etildi.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida prokuratura organlariga qilingan so‘rovlarga ko‘ra, davlat tashkilotlarida ishlovchi 3 nafar mas’ulga JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 28 nafariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, shundan 7 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 4 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 

Shuningdek, Ombudsman so‘roviga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining 3 nafariga JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 10 nafar mas’ul o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortildi va 3 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Теги :
Jamiyat