$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Respublika bo‘ylab 55 ming gektardan ortiq yerda zararli chigirtkalar tuxum qo‘ygan

chigirtka

Bugungi kunga qadar 278 ming 806 gektar maydonda monitoring olib borilib, 55 ming gektardan ortiq maydonda zararli chigirtka tuxum qo‘ygani aniqlandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova ma’lum qildi.

Zararkunandalarga qarshi kuzgi tadbirlar ahamiyati

Har yili zararli organizmlar tufayli hosilning 35 foizigacha nobud bo‘ladi. Shu sababli kuz mavsumida ekin maydonlari, bog‘ va tokzorlarda olib boriladigan asosiy agrotexnik tadbirlardan biri kuzgi “raskopka” hisoblanadi. Ob-havo, iqlim sharoiti keskin o‘zgarishi zararkunanda, kasalliklar va begona o‘tlarni rivojlanishi va tarqalishiga ta’sir ko‘rsatadi. Kuzgi yer kovlash natijasida uyquga ketgan zararkunandalarning miqdori, tur tarkibi, qishlovdan chiqishi ehtimoli, kelgusi yilda xavf darajasi baholanadi. Jarayon natijalariga ko‘ra, kelgusi yil uchun kurash choralari belgilanadi, zaruratga ko‘ra, kimyoviy vositalari zaxirasi tayyorlanadi.

Chigirtkalarga qarshi kuzgi “reyd”lar

Shuningdek, kuz faslining oktyabr-noyabr oylarida 2025-yilda qarshi kurash tadbirlari olib borish uchun zararli chigirtkalar tuxum qo‘ygan maydonlarni aniqlash tadbirlari olib borilmoqda. Joriy yilda 500 ming gektar maydonda kuzgi kuzatuv nazorat ishlari o‘tkazilishi belgilangan. Kuzatuvlar natijasi “Lokust control” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kiritilib, zararli chigirtkalar tuxum qo‘ygan maydonlarning elektron xaritasi va dastlabki ma’lumotlar shakllantiriladi. Kuzgi kuzatuv natijalari asosida 2025-yil uchun zararli chigirtkalar tarqalishi mumkin bo‘lgan hududlar aniqlanib, zarur bo‘lgan kimyoviy vositalar va yoqilg‘i-moylash materiallari zaxirasi shakllantiriladi. Bugungi kunga qadar 278 ming 806 gektar maydonda monitoring olib borilib, 55 ming gektardan ortiq maydonda zararli chigirtka tuxum qo‘ygani aniqlandi.

Agrokimyoviy tahlil nima uchun muhim?

Hosili yig‘ib olingan ekin maydonlarida, bog‘lar va tokzorlarda kuz mavsumida tuproq agrokimyoviy tahlilini o‘tkazishning ayni vaqti hisoblanadi. Sababi takroriy ekin oldidan o‘tkazilgan tahlil asosida yerning talabiga ko‘ra mineral o‘g‘itlarni qo‘llash maqsadga muvofiq. Respublika agrokimyoviy tahlil markazi mutaxassislari tomonidan yer egalariga tuproqning mineral o‘g‘itlar, mikro va makroelementlarga bo‘lgan talabi aks etgan qo‘llanma tayyorlab beriladi. Ilmiy asoslangan ko‘rsatgichlar asosida ham foydali mahsulot yetishtirish, ham zarurati bo‘lmagan o‘g‘itlarni qo‘llamaslik natijasida iqtisod qilish ehtimoli yuqori. Sug‘oriladigan barcha yerlarda mineral o‘g‘itlar qo‘llanilgandan keyin 30 kundan so‘ng tahlil uchun namunalar olish mumkin. Tahlil natijalari 4-yilgacha amal qiladi. Bugungi kunda agrokimyoviy tahlil to‘lovi 1 gektar uchun 20 450 so‘mni tashkil etadi.

30-40 foizgacha zararkunandalar yo‘q qilinadi

2025-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararkunandalari, kasalliklar va begona o‘tlar keng maydonlarga tarqalib ketishini oldini olish va qishlovchi avlodlarni kamaytirish maqsadida dala chetlari, ariq-zovur atroflarini qurigan o‘simlik qoldiqlari va begona o‘tlardan tozalash ishlarini belgilangan tartibda sifatli o‘tkaziladi. Bundan tashqari mevali bog‘larda aldamchi tutqich belbog‘lar boylash ishlari amalga oshirilib, aldamchi tutqich belbog‘lar orqali 30-40 foizgacha zararkunandalarga qarshi kurash ishlari olib boriladi.