$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Kuchli bosh ogʻrigʻi, nutq buzilishi, vaqtincha koʻrmaslik koʻz migreni alomatlari boʻlishi mumkin

Koʻz migreni

Koʻz – inson tanasidagi eng nozik a'zo. Shu bois uni parvarishlash va zarur ozuqa moddalari bilan ta'minlash alohida e'tiborni talab qiladi. Aks holda turli muammolar kuzatilishi hech gap emas. Shulardan biri koʻz migrenidir. Xoʻsh, u qanday kasallik? Koʻz migrenining kelib chiqishiga qanday omillar sabab boʻladi.

Migrenning turlari bir biriga oʻxshashi ham farqlanishi ham mumkin

 Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi shifokori Mavjuda Junadullaeva koʻz migreni haqida maʼlumot berdi. "Migrenning bir nechta turi mavjud. Ularning sabablari, kechishi va boshqa simptomlari oʻxshash yoki bir-biridan farqlanadi", — deydi mutaxassis.

 Koʻrish maydonidagi oʻzgarishlar

 Koʻz migreni esa migrenning bir turi boʻlib, bunda bosh va koʻzning ogʻrishi, koʻngil aynishi bilan birga, koʻrish maydonida oʻziga xos oʻzgarishlar kuzatiladi. Ba'zi bemorlarda koʻz tirqishi qisilishi, koʻz harakati cheklanishi va narsalarning ikkita boʻlib koʻrinishi (diplopiya) roʻy beradi.

Koʻz migrenining 4 bosqichi

 Kasallik bir necha bosqichlarda rivojlanadi. Avvaliga bemorda charchoq, uyqu bosishi, koʻp esnash, chanqash, shirinlikka boʻlgan ehtiyoj kuchayadi. Yorugʻlik va baland tovushlar bemorga yoqmaydi. Boshning ensa qismida tirishish kuzatilib, bu holat 1 soatdan 2-3 kungacha davom etishi mumkin. Keyingi bosqichda koʻz oldida yaltiroq dogʻlar va yorugʻlik chaqnashi bilan birga, koʻrish maydonida nuqsonlar yuzaga keladi va ob'ektlar shakli buzilishi, hatto, vaqtincha koʻrmaslik kuzatiladi. Ba'zi bemorlarda esa nutq buzilishi, qoʻllarda uvishish namoyon boʻlib, bu simptomlarning davomiyligi odatda 5-60 daqiqa davom etadi. Uchinchi bosqichda kasallik boshning yarmida kuchli ogʻriq, koʻngil aynishi va qayt qilish bilan kechib, koʻpincha bosh ogʻrigʻiga qarshi preparatlar bemorga foyda bermaydi. Kuchli charchoq va ogʻriq tufayli u uxlay olmaydi. Toʻrtinchi bosqich ogʻriqlar asta-sekinlik bilan qaytishi, koʻrish qobiliyatining tiklanishi bilan 2 soatdan 3 kungacha davom etadi.

Belgilari qanday?

Koʻz migrenining belgilari bemorda muntazam kuzatilmaydi va bu xastalikka barcha kasb egalari chalinishi mumkin. Qolaversa, kasallik yosh tanlamaydi, ya'ni yosh bolalar, homiladorlar va katta yoshli insonlarda ham birdek kuzatiladi.

Kasallik xurujining sabablari

Xastalik xuruji koʻpincha quyidagi sabablar ta'sirida boshlanadi:

 kompyuter, telefon va gadjetlardan uzoq vaqt foydalanish;

 surunkali charchoq va uyqusizlik;

 kuchli stress;

 gormonlar almashinuvining buzilishi;

 ayrim dori vositalarining asorati;

 shirinlikka ruju qoʻyish;

 kislorod yetishmasligi;

 ob-havo oʻzgarishlari va boshqalar.

Tavsiyalar

 Kasallik va xurujlarining oldini olish uchun oʻz vaqtida dam olish, ortiqcha jismoniy va aqliy zoʻriqmaslik, oʻtkir hid va ta'mli mahsulotlarni iste'mol qilmaslik, zararli odatlar (tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish)ni tark etish, stress holatlariga tushmaslik, sport bilan muntazam shugʻullanish, bir soʻz bilan aytganda sogʻlom turmush tarziga rioya qilish lozim.

 Agar kasallikning belgilari davom etsa, albatta, shifokorga murojaat qilish zarur.