Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +15° kechasi +10°

Xitoydagi o‘limga olib keluvchi virus Rossiya va Qozog‘istonda ham aniqlanmoqda

Metapnevmovirus tez rivojlanishi, nafas olish tizimi va o‘pkalarga jiddiy zarar yetkazishi bilan xavf tug‘diradi. U, asosan, bolalar va keksalarda og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi.

2 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi o‘limga olib keluvchi virus Rossiya va Qozog‘istonda ham aniqlanmoqda

So‘nggi paytlarda Xitoyda o‘lim holatlari bilan bog‘liq bo‘lgan metapnevmovirus Qozog‘iston va Rossiyada ham qayd etilmoqda. Ushbu virusning xavfi nafas olish tizimi va o‘pkalarga jiddiy zarar yetkazishi, kasallikning tez rivojlanishi va o‘z vaqtida davolanmasa og‘ir oqibatlarga olib kelishi bilan izohlanmoqda.

Virus Qozog‘iston va Rossiyada qayd etildi

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi metapnevmovirusning mamlakatda ham tarqalayotgani haqida bayonot berdi. O‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, Qozog‘istonda grippdan tashqari viruslarga o‘tkazilgan tekshiruvlar orasida metapnevmovirus 1,6 foiz holatda aniqlangan. Bu kasallik mavsumiy gripp va boshqa O‘RVI infeksiyalari bilan birga faol aylanib yurmoqda.

Rossiyada esa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, metapnevmovirus pnevmoniya holatlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Virusning xavfi uning atigi 24 soat ichida o‘tkir pnevmoniyaga olib kelish imkoniyatida, bu esa bemorning hayoti uchun xavf tug‘diradi.

Metapnevmovirus nima va u qanchalik xavfli?

Inson metapnevmovirusi (HMPV) — nafas yo‘llarini zararlovchi virus bo‘lib, oddiy shamollash va grippga o‘xshash belgilarni keltirib chiqaradi. Virus ko‘pincha yengil kechadi, ammo ayniqsa chaqaloqlar, keksalar va immuniteti zaif kishilarda pnevmoniya kabi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.

Virus birinchi marta 2001-yilda aniqlangan bo‘lsa-da, hozirgi holatlar Xitoyning shimolida, ayniqsa, bolalar orasida kasallanish darajasining keskin oshishi tufayli diqqatni tortmoqda.

Shifokorlar xavfli infeksiyalardan himoyalanish uchun oddiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishni, qo‘llarni tez-tez yuvishni, gavjum joylardan uzoqroq yurishni va xonalarni muntazam shamollatishni tavsiya etmoqda.

Kasallikdan himoyalanish uchun nima qilish kerak?

Mutaxassislar aholini profilaktika choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Bunga quyidagilar kiradi:

Bino va xonalarni muntazam shamollatish;

Kasallangan odamlar bilan muloqotni cheklash va izolyatsiya qilish;

Gripp va O‘RVI belgilari kuzatilgan bolalarni maktab yoki bolalar bog‘chasiga yubormaslik;

Tez-tez qo‘llarni sovun bilan yuvish;

Kasallik belgilari paydo bo‘lsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilish.

HMPV va COVID-19 o‘rtasidagi farq

Ko‘pincha HMPV (metapnevmovirus) ni COVID-19 bilan chalkashtirishi mumkin, chunki u ham nafas olish yo‘llarini zararlaydi. Ammo ularning o‘rtasida muhim farqlar bor:

HMPV asosan bolalar va keksalar uchun xavfli, bunda o‘lim holatlari nisbatan kam.

COVID-19 esa har qanday yoshdagi odamlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, u og‘ir oqibatlar va pandemik holat yaratadi.